Oʼqituvchi menejerlik sertifikatiga ega boʼlsa, unga qoʼshimcha 50% ustama toʼlanadimi?
2025-11-27 10:00:00 / Yangiliklar

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 25 dekabrdagi 681-son qaroriga koʼra, maktab direktori lavozimiga nomzodlar kamida bakalavr darajasiga hamda maktab direktorları uchun belgilangan malaka talablariga javob bergan taqdirda А.Аvloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida tashkil etiladigan menejerlik kursida oʼqishi mumkin. Bunda, menejerlik sertifikatiga ega boʼlgan nomzodlarga maktab direktori lavozimi uchun tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.
Аytaylik, taʼlim muassasasida ishlayotgan oʼqituvchi menejerlik sertifikatini qoʼlga kiritdi, bunda u faqatgina maktab direktori lavozimi uchun tanlovda ishtirok etish huquqiga ega boʼladi, ammo qoʼshimcha ustama ololmaydi. Shuningdek, ushbu nizomning 2-b bandida faqatgina menejerlik sertifikatiga ega boʼlgan rahbar xodimlarga (maktab direktorlariga 50 foiz, direktor oʼrinbosarlariga 30 foiz) qoʼshimcha ustama toʼlab berilishi nazarda tutilgan. Yaʼni, menejerlik sertifikatiga ega boʼlgan oʼqituvchilar maktab direktorligiga oʼtkazilgan tanlovdan muvaffaqiyatli oʼtib, maktab direktori sifatida ish faoliyatini boshlaganidan keyin ish haqiga 50 foiz ustama toʼlash boshlanadi.
Demak, menejerlik sertifikatiga ega boʼlgan oʼqituvchilarga mazkur ustamalar toʼlab berilmaydi.
Paxtachi tuman adliya bo`limi
yuridik xizmat ko`rsatish markazi
boshlig`i Sh.Abdumurotov
