Parkent tumanida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish va ularga qarshi kurashish bo’yicha tuman prokurori Q.X.Mirsagatovning aholiga M U R O J A A T I
2026-10-16 16:35:00 / Yangiliklar

Tumanimizda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida 2026 yilning 9 oyi davomida oldini olish mumkin bo’lgan jinoyatlar sezilarli darajada kamaydi.
Shuningdek, tumandagi 53 ta mahallaning 33 tasida, ya’ni 39.5 foizida jinoyat sodir etilmadi.
Ijtimoiy profilaktika tizimining samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar doirasida huquqbuzarlik sodir etish yoki huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli yuqori bo’lgan shaxslar uchun 7410 ta xulosalar rasmiylashtirilib, shundan 6122 ta maishiy va ijtimoiy sohadagi muammolarning hal etilishi ta’minlandi.
Jinoyat sodir etish xavfi yuqori bo’lgan ishsizlar, sudlanganlar, probasiya va ma’muriy nazoratdagi shaxslar, aliment to’lovchi ishsizlar, mehnat migrasiyasidan qaytganlar, nazoratsiz yoshlar hamda og’ir ijtimoiy ahvoldagi oilalar alohida xatlovdan o’tkazilib, ular bilan “bitta shaxs – bitta muammo – bitta mas’ul – bitta yechim” tamoyili asosida ishlash tizimi joriy etildi.
Kriminogen vaziyati og’ir bo’lgan Oydin, Oqtepa, Qayilma va Obod mahallalarda 128 nafar aholining bandligi ta’minlandi.
Muqaddam sudlangan va ma’muriy nazoratda turuvchi 381 nafar shaxslar bilan individual suhbat o’tkazildi.
Shu bilan bir qatorda, so’nggi vaqtlarda fuqarolarning ishonchiga kirish va ularga zararli ilovalarni ijtimoiy tarmoqlar yordamida yuborish orqali pul mablag’larini firibgarlik va o’g’irlik yo’li bilan o’zlashtirish holatlari ham ko’paymoqda.
Kiberjinoyatchilar asosan fuqarolarning soddaligi va raqamli savodxonligi yetarli emasligidan foydalanmoqda.
E’tibor bering tumanimizda o’tgan davrda 293 ta kiberjinoyatlar sodir etilib, salmog’i o’tgan yillarga nisbatan sezilarli darajada oshib bormoqda.
Internet tarmog’idagi turli xil aldovlarga, oson boylik orttiruvchi chaqiruvlarga ishonib, firibgarlarning tuzog’iga tushib qolmaslik choralarini ko’rish, bunday holatlarga duch kelsangiz Sizga xizmat ko’rsatuvchi bank muassasasi yoki hududiy ichki ishlar organlariga murojaat qilishingiz lozim.
Tuman aholisi o’rtasida kibermadaniyatni yuksaltirish va fuqarolarni kiber tahdidlardan himoya qilish maqsadida doimi ytarg’ibot ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Parkent tuman hokimligining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida doimiy ravishda kiber jinoyatlar bo’yicha tahliliy ma’lumotlar va kiber gigiyenaga rioya etish bo’yicha maqolalar taqdim etib borilmoqda. Har xaftaning payshanba kuni yoshlar bilan uchrashuvda hamda har juma kuni sayyor qabullarda kiber jinoyatchilik bo’yicha tegishli tushuntirishlar berilmoqda.
Tumanimizda kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish, jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida oldimizda turgan muhim vazifalarni barchamiz yaxshi anglaymiz.
Shu maqsadda jinoyatlarni keltirib chiqarayotgan sabablar hamda ularning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni o’z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, qonun buzilishi holatlariga yo’l qo’ygan mas’ul shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko’rish, shuningdek, hududlarda barqaror kriminogen vaziyatni ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu borada mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish maqsadida joriy yilning 9 oyida 135 ta videokuzatuv kamerasi, 90 ta “domofon” kompleksi va 300 ta “tashvish tugmasi” o’rnatilib, 18 ta obyekt texnik qo’riqlovga olindi.
Jinoyatchilik – bu faqatgina huquq-tartibot organlarining muammosi emas. Bu – butun jamiyatning, har birimizning og’riqli nuqtamizdir. Birgina beparvolik yoki loqaydlik tufayli kimdir sog’lig’idan, mol-mulkidan ayrilishi, eng achinarlisi, yoshlarning kelajagi barbod bo’lishi mumkin.
Shu bois, quyidagi muhim jihatlarga e’tibor qaratish zarur bo’ladi.
-Oilaviy nazoratni kuchaytiraylik:
Farzandlaringizning kimlar bilan do’stlashayotgani, bo’sh vaqtini qanday o’tkazayotgani va ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan bandligiga befarq bo’lmang. Jinoyatning ildizi ko’pincha nazoratsizlikdan boshlanadi.
-Loqayd bo’lmaylik:
Mahallamizda, ko’chamizda shubhali shaxslar, noqonuniy xatti-harakatlar yoki kelishmovchiliklardan xabar topsangiz, befarq munosabatda bo’lmang. Vaqtida ko’rilgan chora - katta fojianing oldini oladi.
-Firibgarlik va kiberjinoyatdan ogoh bo’ling:
Zamon rivojlanishi bilan jinoyatlar ham raqamlashmoqda. Plastik kartalaringiz sirli kodlarini hyech kimga aytmang, ijtimoiy tarmoqlardagi va’dalarga ishonmang.
-Mahalladoshlik hamjihatligini tiklaylik:
Qo’shningiz oilasidagi notinchlik, yoshlar o’rtasidagi mayda bezorilik yoki spirtli ichimliklarga ruju qo’yish holatlarini oqsoqollar, faollar va profilaktika inspektori bilan birgalikda barvaqt hal etaylik.
Jinoyatchilikka qarshi kurashning eng samarali – uning oqibati bilan kurashish emas, balki uning oldini olishdir. Mahallamizda har bir fuqaro o’zini mas’ul deb bilsa, jinoyatga o’rin qolmaydi.
Keling, farzandlarimiz kelajagi, oilamiz xotirjamligi va mahalladoshlarimiz xavfsizligi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, “Jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz!” shiori ostida birlashaylik.
E’tiboringiz uchun rahmat!
Q.X.Mirsagatov, Parkent tuman prokurori.
