Xotin-qizlar va bolalar himoyasi yanada kuchaytirilmoqda
2026-06-02 05:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga muvofiq, Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarga va bolalarga nisbatan sodir qilingan zo‘ravonliklardan xabar topib larzaga tushamiz, biroq bunday zo‘ravonliklarni kelib chiqish sabablarini to‘liq bilmaymiz
Zo‘ravonlik jamiyatda insonlar o‘rtasidagi tenglik, erkinlikni cheklaydi.
Xotin-qizlar va bolalarning zo‘ravonlikdan jabrlanish ehtimoli yuqoriligi, zo‘ravonlik turlari, og‘irlik darajasi va kelib chiqadigan oqibatlar keskin farqlanishini inobatga olgan holda, so‘nggi islohotlar aynan ularni himoya qilishga qaratilgan.
Qonunchilikda, shu jumladan Jinoyat va Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi Kodekslarda shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, shaxsning sog‘lig‘iga qasddan shikast yetkazganlik uchun umumiy javobgarlik belgilangan bo‘lsa-da, yaqin vaqtlarga qadar ayollar va bolalarni turmushdagi zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun javobgarlik mavjud emasdi.
So‘nggi vaqtlardagi islohotlar natijasida va zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish hamda BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun alohida ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 11 apreldagi O‘RQ-829-sonli Qonuniga asosan Jinoyat Kodeksi Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik deb nomlanuvchi 1261-modda bilan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeks shu nomdagi 592-modda bilan to‘ldirildi.
Dastlab mazkur moddalarda xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsni do‘pposlash orqali qasddan badanga shikast yetkazish uchun javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 21 oktabrdagi O‘RQ-978-sonli Qonuni bilan mazkur moddalar dispozitsiyasiga o‘zgartirish kiritilib, unda er yoki xotindan tashqari bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik uchun ham javobgarlik belgilandi.
“Ishonch uz” nashrida e’lon qilingan maqolada keltirilishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi, turmush qurgan ayollarning 30 foizi hamrohi tomonidan zo‘ravonlik holatlariga duch kelganlari haqida ma’lum qiladi, ayollar o‘limining 38 foizi ularning turmush o‘rtog‘i tomonidan amalga oshiriladi va zo‘ravonlikka duch kelgan ayollarning 42 foizigina muammo haqida ochiq so‘zlaydi, YuNISEF ma’lumotlarida, dunyoda 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan har 10 boladan olti nafari har kuni jismoniy zo‘ravonlikka uchrashi, har 5 daqiqada bir bola zo‘ravonlikdan vafot etishi ko‘rsatilgan.
Mazkur raqamlar zo‘ravonlikning qanchalik global muammo ekanligini ko‘rsatib, unga qarshi kurashishda esa yanada yangi kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan 2026 yil 3 mart kuni Davlatimiz rahbari tomonidan “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi PF 33-sonli Farmoni qabul qilinib, bu boradagi ishlar yangi bosqichga olib chiqildi.
Mazkur Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarining (erta nikoh) oldini olishga erishish;
moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish;
ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish orqali ularning sonini keskin qisqartirish.
Farmonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda jabrlanganlarga huquqiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini yanada rivojlantirish vazifalari belgilangan.
Xususan, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish va FHDYo organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillarining erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar hamda boshqa qonunbuzilishlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermasligi ularning ma’muriy javobgarlikka tortilishiga asos sifatida belgilanishi, 2026 yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimida erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida xabar berish imkonini beruvchi “Oʻsmir-signal” modulini ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.
Voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
2026 yil 1 sentabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimaning 15 foizi bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatilishi ko‘zda tutildi.
Farmon bilan Bosh prokuratura, Oliy sud, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Ijtimoiy himoya milliy agentligining qonunchilikka o‘zgartirish kiritish orqali 2026 yil 1 noyabrdan boshlab:
-Jinoyat kodeksining 118 (nomusga tegish), 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish), 121 (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 128 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 1281(o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish), 129 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi;
-Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlarini qilmishda jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqida prokuror tomonidan qaror qabul qilinganidan so‘ng sudga yuborish takliflariga rozilik berildi.
Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslar manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritiladi.
Ushbu jinoyatlar uchun jazoni o‘tayotgan mahkumlar psixologik tuzatish dasturidan o‘tmasdan, saqlash sharoitlarini yengillashtirish amaliyotiga chek qo‘yiladi.
2027 yil 1 yanvardan ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinishi va ko‘rib chiqilishi belgilanadi.
2026 yil 1 sentabrdan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida tergovchi va sudyalar uchun “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos protsessual jihatlari” maxsus o‘quv dasturi tashkil etiladi.
Yuqoridagi Farmonning ijrosi natijasida xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan tajovuzning har qanday shakllariga barham berish uchun qonunchilikda belgilangan jazo choralari yanada kuchaytiriladi, zo‘ravonlikning oldini olish, uni aniqlash, chek qo‘yish uchun samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlar amalga kiritiladi, zo‘ravonlik sodir etilishiga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralari ko‘rilib, jamiyatda ayollar hamda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz muhit yaratiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Oqoltin tuman sudining raisi X.Sarmanov
