Oqoltinlik yosh sportchi Osiyoni zabt etdi!
2026-04-08 10:50:00 / Yangiliklar

Qozog‘istonning Chimkent shahrida 3–6-aprel kunlari o‘tkazilgan “O‘zbek jang san’ati” bo‘yicha Osiyo chempionati Oqoltin tumani uchun quvonchli xabar bilan yakunlandi. Shodlik mahallasida yashovchi iqtidorli sportchi Shodiyona Sultonova 53 kg vazn toifasida munosib ishtirok etib, Osiyo chempioni degan sharafli unvonga sazovor bo‘ldi.
E’tiborlisi, musobaqaga jo‘nab ketishidan avval Shodiyona tuman hokimi bilan uchrashib, “albatta Osiyo chempioni bo‘lib qaytaman”, deya qat’iy ishonch bildirgan edi. Ushbu ishonch bugun amalda o‘z tasdig‘ini topdi.
Mazkur muvaffaqiyat munosabati bilan tuman hokimining o‘rinbosari Ozod Egamov sportchining ta’lim olayotgan maskaniga tashrif buyurib, tuman hokimining tashakkurnomasini tantanali ravishda topshirdi. Tadbir davomida Shodiyona Sultonovaning yutuqlari keng e’tirof etildi. Uning muvaffaqiyatida katta hissa qo‘shgan ustozlari va ota-onasiga ham samimiy minnatdorchilik bildirildi.
