Sirdaryo delegatsiyasi Shenchjenda: amaliy kelishuvlar va yangi loyihalar
2026-04-01 10:55:00 / Yangiliklar

Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi viloyatimiz delegatsiyasining Xitoyga tashrifi Shenchjen muzofotida davom etmoqda. Tashrif doirasida amaliy muzokaralar va biznes uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Tashrif doirasida “Sirdaryo – Shenchjen savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi” o‘tkazilib, unda 400 dan ortiq xitoylik kompaniyalar, qariyb 50 nafar Sirdaryo viloyati ishbilarmon doira vakillari hamda provinsiya rasmiylari ishtirok etdi. Forum o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va yangi loyihalarni ilgari surish uchun muhim platformaga aylandi.
Shuningdek, yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirokida “davra suhbati” tashkil etildi. Unda ishlab chiqarish, logistika va innovatsion texnologiyalar sohalarida hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, Fufeng Electronic Technology, Shenzhen Guangsheng Sports, Donghua Electronic Technology, Aimeite Electric, Dongwan Libao Resin, Beiyujun Intelligent Technology, Shenzhen Yuchuan Group, Kaisbo Elevator, Qingyuan Xuerui va Shenzhen Haiduo Logistics kabi kompaniyalar vakillari muloqotda faol ishtirok etib, qo‘shma loyihalar bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdilar.
Yirik sanoat va texnologiya kompaniyalari bilan alohida uchrashuvlar tashkil etildi. Zamonaviy ishlab chiqarish, suv taʼminoti va sanoat infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Ayrim kompaniyalar viloyatimizga tashrif buyurib, loyihalarni joyida o‘rganishni rejalashtirayotganlarini maʼlum qilishdi.
Shu bilan birga, suv mahsulotlarini yetishtirish va elektrotexnika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Umuman olganda, tashrif amaliy natijalarga yo‘naltirilgan bo‘lib, Sirdaryoning investitsiya salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qilmoqda.




