Mehnat va qatʼiyat namunasi
2026-03-09 09:45:00 / Yangiliklar

Baʼzan hayot insonni turli sinovlar bilan toblaydi. Ammo sabr, mehnat va ishonch bor joyda har qanday qiyinchilik ortda qoladi.
Oqoltin tumani “Yangi hayot” mahallasida yashovchi Xosiyat Turanboyeva ana shunday matonatli ayollardan biri. Yolg‘iz ona bo‘lgan Xosiyat opa ikki nafar farzandini voyaga yetkazish uchun yillar davomida eski tikuv mashinasida mehnat qilib, ro‘zg‘orini tebratib kelgan.
Uning saʼy-harakatlari eʼtibordan chetda qolmadi. “Ayollar daftari”ga kiritilgach, faoliyatini kengaytirish maqsadida unga subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinasi ajratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Sirdaryo viloyati boshqarmasi homiyligida unga yengil konstruksiyali, jihozlangan kichik tikuvchilik xonasi tashkil qilib berildi. Bugungi kunda Xosiyat opa to‘rt nafar shogirdiga tikuvchilik sirlarini o‘rgatib, ularning ham kasb egallashiga ko‘maklashmoqda.
Uning mehnatlari samarasi uzoq kuttirmadi. Yaqinda u Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Eng yaxshi ijtimoiy loyihalar” tanlovida g‘olib bo‘lib, 24 million so‘mlik vaucher sohibi bo‘ldi.
Xosiyat opaning hayot yo‘li — sabr, mehnat va qatʼiyat insonni albatta muvaffaqiyatga yetaklashining yorqin namunasidir
