OQDARYO TUMANINING TARIXIY-GEOGRAFIK TAVSIFI VA O‘RGANILISH TARIXI
OQDARYO TUMANINING TARIXIY-GEOGRAFIK TAVSIFI VA O‘RGANILISH TARIXI
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligiga erishgandan so‘ng o‘tgan tarixan qisqa davrda, jamiyatning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berdi. Vaholangki, yurtimizda milliy va ma’naviy qadriyatlarni tiklash, ularni o‘rganish hamda targ‘ib etish, madaniy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni asrab avaylash, shu bilan birga ularni asl qiyofasiga mos ravishda qayta tiklash ishlari amalga oshirildi. Milliy tiklanishni amalga oshirishda, hozirgi iqtisodiy barqaror va ma’naviy sog‘lom jamiyatni shakllantirishda tarixiy tafakkurning o‘rni juda muhimdir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu hayrli ishlar yurtimizda yuqori saviyada amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Arxeologiya madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi Qonunning 9-moddasi”da, Arxeologik ob’yektlarning davlat tomonidan muhofaza qilishni ta’minlash va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga mos ravishda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yil 19-dekabrdagi “Moddiy-madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 4068-sonli qarorida O‘zbekistonning arxeologik yodgorliklar katalogini yaratish ko‘zda tutilgan. Ushbu qarorga asosan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Ya.Gʻulomov nomli Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari 2020-yilning yoz oylarida, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida arxeologik qidiruv tadqiqotlarini olib bordi. Respublikamiz hududi qadimiy arxeologik yodgorliklarning ko‘pligi jihatidan, dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Arxeolog olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra yurtimizda taxminan 8 mingga yaqin qadimgi tosh davridan to so‘nggi o‘rta asrlarga oid arxeologik yodgorliklar mavjud. Ammo sobiq sovetlar davrida amalga oshirilgan keng qamrovli qurilish ishlari va yangi yerlarni o‘zlashtirish chora-tadbirlari tufayli yurtimiz hududidagi minglab yodgorliklar buzilib ketdi. Bir qismi esa qabristonga aylantirildi. Hozirda saqlanib qolgan yodgorliklar, qadimgi davr manzilgohlari, qishloq va shahar xarobalari bizgacha turli xil shaklda, katta-kichik tepaliklar ko‘rinishida yetib keldi. Hozirgacha saqlanib qolgan ushbu arxeologik yodgorliklarni, yurtimizning o‘ziga xos xazinasi deyish mumkin. Bugungi kunda ularni o‘rganish, shahar va qishloq xarobalarning ichki tuzilishi va mudofaa tizimlarini tadqiq etish, biz arxeologlarning oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi. Zarafshon vohasi qadimdan dehqonchilik madaniyati yuksak darajada rivojlangan maskanlardan biri hisoblangan. Azaldan, Samarqand shahrining shimoliy qismi, Cho‘ponota tepaligiga yaqin joyda Zarafshon daryosi ikkiga bo‘linib oqadi. Bular shimoliy o‘zan Oqdaryo va janubiy o‘zan Qoradaryolar bo‘lib, ularning bosh oralig‘ida joylashgan hudud, Oqdaryo tumani deb ataladi. Oqdaryo tumani qadimda, Miyonkol oroli deb nom olgan maskanning sharqiy qismida joylashgan. Miyonkol va uning atrofidagi tumanlar tavsifi, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida keltirilgan bo‘lib, unda quyidagicha ta’rif berilgan: “Samarqandning ham yaxshi tumonoti bor. Ul 4 jumladan, Sug‘d tumani va Sug‘dga payvasta tumanlardir. Boshi yor yayloq (Oqdaryo tumani hududi), oyog‘i Buxoro, bir yig‘och yo‘l yo‘qturkim: mening bir bog‘im borkim, tuli (uzunligi) o‘ttuz yig‘ochdir” deb aytadi (Zahiriddin Muhammad Bobur, 1990., 47-bet). Oqdaryo hududida joylashgan qadimgi shaharlar, turar joy maskanlari, qala va qo‘rg‘onlar, eski ariqlar, sun’iy sug‘orish tarmoqlari borki ularni o‘rganish voha tarixini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham bu tuman, Zarafshon vohasining eng obod qismi hisoblanadi. Ko‘p yillar davomida Oqdaryo tumanida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasiga ko‘ra, voha aholisi sug‘orma dehqonchilik bilan qadim zamonlardan buyon shug‘ullanib kelganligi aniqlangan. Bunday natijalarni Zarafshon daryosining yirik o‘zani hisoblangan Oqdaryodan bosh olgan Shaxob kanali va undan qazib chiqarilgan sun’iy sug‘orish tarmoqlaridan ham bilish mumkin. Bu yirik tarmoq va undan bosh olgan sun’iy sug‘orish shahobchalari, Oqdaryo tumanini suv bilan to‘liq ta’minlabgina qolmay, balki Miyonkolning g‘arbiy hududlariga ham suv yetkazib bergan. Buning hisobidan vohada Kumushkent va Ofarinkent kabi qadimgi shaharlar va ular bilan bir qatorda markazlashgan qishloq makonlari, qal’a hamda qo‘rg‘onlar bunyod qilingan. Shaharlarning eng qadimgisi Kumushkent bo‘lib, u qariyib 2500 yillik tarixga ega. Oqdaryo tumani Samarqand viloyatiga qarashli bo‘lib, 1968 yil-25-dekabrda tashkil topgan. Tumanni, shimoli-sharqdan Samarqand viloyatining Payariq tumani, g‘arbdan Ishtixon tumani, janubdan esa Pastdarg‘om va Samarqand tumanlari o‘rab turadi. Oqdaryo tumanining umumiy maydoni 14672 ga, ga yaqin (1-rasm). Oqdaryo tumani, Zarafshon daryosining ikkiga bo‘linib oqadigan Oqdaryo va Qoradaryo vodiysining sharqiy boshlanish qismida joylashgan bo‘lib, g‘arb tomonga kengayib borgan. Oraliqdagi bu kichik vodiyning tuprog‘i uzoqdagi tog‘lar va cho‘llardan uchib kelgan qum zarrachalaridan hosil bo‘lgan. Bu oraliq nihoyatta obod va sersuv ekinzorlardan iborat bo‘lgan. Yer maydonining ustki qismini daryolar oqizib kelgan allyuvial yotqiziqlar qoplagan. Relyefi asosan yassi tekisliklardan iborat bo‘lib, sharqdan, g‘arbga qarab nishab bo‘lib borgan. Yer yuzasining absolyut balandligi 450 m ga teng. Zarafshon daryosining doimiy faoliyati natijasida, vohada ko‘hna qayirlar (terassalar) hosil bo‘lgan. Oqdaryo tumanining iqlimi keskin kontenental. Tumanning shimoli-sharqiy va sharq tomonidagi tog‘lar, arktikadan keladigan sovuq shamollardan to‘sib turadi. Vohada o‘rtacha issiq temperatura 27-28 gradusga teng bo‘lib, o‘rta quruq, yanvarda o‘rtacha sovuq temperatura -1 gradusga teng. Yiliga tumanda o‘rtacha 200-300 mm yog‘in yog‘adi. Vegitatsiya davri 217 kun (O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi, 2002, 672 673 bet).
Oqdaryo tumanida 2 ta shaharchа (Loyish va Dahbed ) hamda 35 ta mahalla fuqoralar yig‘inlari mavjud. Ular Pichoqchi, Yangiobod, Mustaqillik, Oqdaryo, Bobur, Kumushkent, Temirak, Po‘latdarxon, Boshdarxon, Dahbed, Bozorjoy, Navoiy, Paxtaobod, Taraqqiyot, Olchintepa, Go‘zalkent, Chorbog‘, Loyish, Galarovot, Arpaariq, Sug‘onchi, Yangiqo‘rg‘on, Yangihayot, O‘zbekiston, Amir Temur, Oytamg‘ali, Yangiqishloq, Zarafshon, Uzunqishloq, Uchtepa, Istiqlol, Avazali, Miyonqol, Primkent, Navro‘z qishloq fuqarolar yig‘inlaridir.
Oqdaryo tumanining o‘rganilish tarixi
Turkiston o‘lkasi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan so‘ng, Samarqand hududiga ko‘plab sharqshunos, tabiatshunos va geograflar jalb qilindi. Ular orasida ikki daryo oralig‘ida joylashgan Miyonkol orolida tadqiqotlar olib borgan tarixchi sharqshunoslar ham bor. Tuman tarixi to‘g‘risida so‘z borganda, behosdan ko‘z oldimizga Miyonkol oroli keladi. Chunki tuman hududida joylashgan, bizgacha tepalik ko‘rinishda yetib kelgan arxeologik yodgorliklar Miyonkol orolining sharqiy qismida ko‘proq joylarni egallab yotadi. Ilk bor tumanda 1870-yilda Toshkent-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha sayohat qilgan Miyonkol oroli hududidan o‘tgan rus missiyasining a’zosi L.F.Kostenko, Samarqanddan Buxoroga boradigan yo‘lning 20 chaqirim joyini, Zarafshon vodiysining bog‘-rog‘lari qoplab olganligi, uzliksiz davom etgan ko‘rkam bog‘lari bilan mashhur bo‘lgan Miyonkol joylashganligi, bu joy Zarafshon daryosining ikkiga bo‘linishi natijasida hosil bo‘lganligi, Samarqand yaqinida Cho‘ponota tepaligi yonida daryo ikki tarmoqqa, o‘ng tarmoq –Oqdaryo va chap tarmoq –Qoradaryoga ajralganligi, bu tarmoqlar hozirgi Xatirchi tumani atrofida birlashganligi, bu yerda aholi zinch bo‘lib, yam-yashil bog‘larga burkanganligi” to‘g‘risida yozadi (Kostenko, 1871, S.34-35). XIX asrning 70-yillarida Zarafshon vodiysida bo‘lib, u yerda ilmiy tadqiqotlar olib borgan rus tadqiqotchisi N.A.Mayev, Miyonkolga quydagicha ta’rif beradi: “Zarafshon daryosi Samarqand shahridan 8 chaqirim masofada, Cho‘ponota tepaligiga yetgan joyda ikki tarmoqqa bo‘linadi. Shimoliy tarmoq Oqdaryo, janubiy tarmoq Qoradaryo deb ataladi. Bu ikki tarmoq Xatirchi shahri yaqinida yana birlashadi. Zarafshon daryosi o‘zining yirik tarmoqlari bilan Payshanba va Ofarinkent (hozirda Oqdaryo tumanida joylashgan) tumanlari joylashgan vohani hosil qiladi. Bu joy obod va aholisi zich bo‘lib, Miyonkol nomi bilan ataladi” deb tal’qin qiladi (Mayev, 1872, S. 107). Rus sayyohi va tadqiqotchilari A.P.Fedchenko, K.K. Abaza, L.N.Sobolevlarning tadqiqotlarida ham ikki daryo oralig‘ida joylashgan Miyonkolning geografik va topografik tavsifiga bog‘liq ma’lumotlar ko‘p berilgan. Ular tomonidan berilgan ma’lumotlarning aksaryatida Miyonkolning yuqori, o‘rta va quyi qismlarida aholi zich, geografik joylashuvi qulay, oqar suv bilan yaxshi ta’minlangan, tuprog‘i hosildor, dehqonchilik madaniyati yuqori rivojlanganligi to‘g‘risida tilga olinadi. Albatta mustamlakachilikning bu hududda tadqiqotlar olib borib, uni ilmiy jihatdan o‘rganilishidan bosh maqsad, bu yerdan ko‘riladigan manfaatdorlikning yuqori ekanligi, bu hudud boyliklarini ko‘proq o‘zlashtirish va uning orqasidan mustamlakachilik tizimini mustahkamlash ham asosiy vazifa bo‘lganligi qayd qilinadi (Fedchenko, 1870, S.221-222, Sobolev, 1873, S.43-44, Abaza, 1902, S.105 ). Tarixchi H.Hasanov o‘z tadqiqotlarida Miyonkolning yuqori tarmoqlari Oqdaryo va Qoradaryodan bosh olib, u aslida “Miyonkol daryosining o‘rtasi, ikki suv orasi” degan ma’noni beradi deb tariflaydi (Hasanov, 1965, 69-bet). Arxeolog A.R. Muhammadjonov, Oqdaryo tumaniga tegishli bo‘lgan Kumushkent yodgorligida tadqiqotlar olib borgan va uning qadimgi tarixiga oid monografiya yozgan arxeolog olima G.A.Pugachenkovaning tadqiqotlarida ilmiy jihatdan to‘liq Samarqand viloyati Oqdaryo tumani yodgorliklarning joylashgan o‘rni ma’lumotlar to‘planganligi va vohaga aniq geografik tavsiflar berilganligini alohida ta’kidlagan (Muhammadjonov, 1972, 25- bet). Bu ma’lumotlar asosida shuni ta’kidlash mumkinki, Kumushkenttepa yodgorligida G.A. Pugachenkova rahbarligida qariyib 20 yil davomida arxeologik qazuv tadqiqotlari olib borilgan. Qazuv ishlari asosan strategrafik ko‘rinishda amalga oshirilgan bo‘lsada, ishlar davomida 6 ta qurilish davriga oid qatlamlar aniqlangan. Uchta tarixiy davrga oid kompleks sopol buyumlari qayd qilingan. Yodgorlikning eng yuqori qatlamlari XVIII-XIX asrlarga oid ekanligi, o‘rta qatlamlari esa rivojlangan o‘rta asrlarga oid bo‘lib, boshlang‘ich qatlamlari antik davrlarga oid ekanligi aytilgan. Shu bilan birga shahar muhim strategik ahamiyatga molik bo‘lib, u o‘z davrida vohaning ma’muriy, iqtisodiy, savdo-hunarmandchilik va madaniy markazlaridan biri ekanligi ta’kidlanadi (Pugachenkova, 1989, S. 36-67).
Oqdaryo tumani hududida yana bir qadimgi shahar Ofarinkent joylashgan. Bu joy ham Miyonkol orolidagi qadimdan aholi zich joylashgan maskan hisoblanadi. Ofarinkent ulkan qadimgi shahar sifatida ko‘proq yozma manbalarda qayd qilingan. Hattoki Samarqandning “Qandiya” kitobi va mahalliy aholi o‘rtasida ham Ofarinkent shahri Samarqand hukmdori Gʻo‘rak davrida qurilganligi qayd qilinadi (Vyatkin, 1906, S.253). Rus sharqshunosi V.V.Bartold yozma manbalarga asoslanib, Ofarinkent shahrini VII asr oxirlarida Samarqand hukmdori Gʻo‘rakning ukasi Ofarin tomonidan qurdirilgan degan ma’lumotni keltiradi (Bartold, 1963, S. 146-147). “Qandiya” kitobida Ofarinkent shahrining bunyod bo‘lishi to‘g‘risida shunday ma’lumotlar keltiriladi: Qutayba Samarqand tomon hujum boshlaganda u yerda Gʻo‘rak hukmronlik qilar edi. Gʻo‘rakning Tarxun va Ofarin ismli ikki ukasi bo‘lib, Ofarin kenjasi edi. Samarqand hukmdori Gʻo‘rak Samarqand shahridan chiqib, g‘arbga 4 farsax masofada kasabaga asos soldi, bu yerda bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi (hozirda bu joy Primkent qishlog‘ida joylashgan Ofarinkent qadimgi shahri xarobasidir) va uni ukasi Ofaringa tortiq qildi, o‘sha joyga ukasining nomiga atab Ofarinkent degan nom berdi. Hozirgi vaqtda ham bu shahar Gʻo‘rakning ukasi sharafiga “Ofarinkent” deb yuritilganligini aytadi (Vyatkin,1906, S.241). Bu to‘g‘risida Sug‘dning qadimgi tarixi bilan shug‘ullangan tadqiqotchi O.I.Smirnova ham Nasafiyning bergan ma’lumotlariga tayanib, “Qutayba Samarqandga hujum boshlaganda u yerda Gʻo‘rak podsholik qilar edi. Gʻo‘rakning ikki ukasidan birining ismi Tarxun, ikkinchisiniki esa Ofarin bo‘lib, u eng kenja ukasi edi deb ma’lumot beradi (Smirnova, 1970, S. 211). Arxeolog Grigoryev bergan ma’lumotlarga ko‘ra Ofarin Samarqanddan ko‘chib kelib joylashganda, bu joyda ma’lum koxin boshchiligidagi zardo‘shtiylarning ibodatxonasi barpo qilinganligi va Ofarin doimo ularning himoyasida bo‘lganligi aytiladi. Shu sababli ham hozirda, bu yerda ikki tepalikning o‘zaro birlashib ketganligi shundan dalolatki, Samarqanddagi ixshidlar hukmdori Gʻo‘rak bu yerdagi ibodatxona yonidan saroy qurdirgan. Aynan shu tepalik o‘rnida ibodatxona borligi ham tadqiqotlarda aytiladi. Tepalikning ostidan esa muqaddas “Chilota” bulog‘i oqib chiqqan. Shu sababli ham Gʻo‘rak mavjud ibodatxonaning yonidan qal’a qurdirib, ukasi Ofaringa tortiq qilgan (Grigoryev, 1937, 31-bet). 9 O‘rta asrlarga oid “Hudud ul-olam” asarida Ofarinkent “Farikas” shaklida berilib, Zarafshon daryosi bilan Ishtixon oralig‘ida joylashganligi ko‘rsatiladi (Hudud ul olam, O.Bo‘riyev, 2008, 12-bet). Qadimgi Ofarinkent shahri to‘g‘risidagi aniqroq ma’lumotlarni 1936-1937 yillarda G.Grigoryev boshchiligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlardan ham bilish mumkin. Bu ekspedisiya Ofarinkent shahar xarobalari, O‘g‘iltepa va Qiztepa hamda ularning atrofida joylashgan Sho‘rtepa, Otchopartepa, Yalpoqtepa, Changaltepa yodgorliklarida 2 yil davomida arxeologik qidiruv va qazuv tadqiqotlari olib borgan. Tadqiqotlar natijasida yodgorliklar va ularning atrofidan turli xil ko‘rinishdagi rangli va rangsiz sopol bo‘laklari, shuningdek Zardo‘shtiylarning dahma, naus, ostadonlari topilganligini qayd qiladi. Ofarinkent shahar xarobasining O‘g‘iltepa va Qiztepa yodgorliklarining ikki joyida, taxminan 60 metr kavadratga yaqin maydonda qazuv ishlari olib borilib, bu yerdan bir necha dona, balandligi bir metr va undan katta ko‘rinishda bo‘lgan, diametri chamasi 70-80 sm lar keladigan xumlar topilgan. Grigoryev o‘z tadqiqotlari natijasida shunday xulosaga keladi. Qadimgi Ofarinkent shahrining joylashgan o‘rni Miyonkol degan orolning sharqiy tomonidadir, Bu hudud ikki daryo oralig‘ida bo‘lib, Ofarinkent shahar xarobasi, Samarqand shahridan 45 km shimoli g‘arbda joylashganligini aytadi. Shahar xarobalari hozirda Primkent qishlog‘ining g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, u Qoradaryodan bosh olgan yirik sun’iy sug‘orish tarmog‘i (katta ariq) –Jo‘yi Devona arig‘idan o‘zlashtirilganligi aytiladi (Grigoryev, 1936, 1-2bet). Ofarinkent to‘g‘risida V.L.Vyatkin ham vaqf hujjatlari ma’lumotlariga tayanib shunday deydi. “Ofarinkent Zarafshon vodiysidagi juda qadimgi mavze. Temuriylar davrida Ofarinkent ”Nim Sug‘da” (Yarim Sug‘d”) yoki “Sug‘di Xurd” (“Kichik Sug‘d”) deb atalgan, tuman markazi hisoblangan (Vyatkin, 1902, S. 14-16 i 57). Huddi shunday fikrlarni Miyonkolning yuqori hududlarida arxeologik tadqiqotlar olib borgan qadimshunos olima G.A.Pugachenkova ham qayd qiladi: Miyonkol hududlari juda hosildor bo‘lib, suv sun’iy sug‘orish tarmoqlari orqali yaxshi taqsimlangan. Dehqonchilikda qulay bo‘lib, qadimdan bu joylarda aholi zich yashab kelgan. Miyonkol alohida ma’muriy birlik sifatida mahalliy aholi tomonidan Nim Sug‘da deb atalgan. Oqdaryoning shimolidan to yaqinidagi tog‘gacha bo‘lgan bu hudud –Sug‘di Kalon deb yuritilgan. “Nim Sug‘da” va “Sug‘di Kalon” atamalari qadimiy toponimlar sirasiga kirib, shubhasiz, bu hudud aholisi Sug‘diyona aholisi bilan bir xil Sug‘d hukmdorlarining nazoratida bo‘lgan (Pugachenkova, 1989, S. 9). Rus sharqshunosi P.P.Ivanov bergan ma’lumotlarda, XVI asr oxirlarida Buxoro xonligiga qarashli bo‘lgan Miyonkol hududining yuqori, o‘rta va quyi qismlarida asosan uch turkim aholi yashaganligi aytiladi. Birinchi turkimga –o‘troq yashab dehqonchilik bilan shug‘ullangan aholi, ikkinchi turkumga –yarim o‘troqlikda yashab hayot kechirgan aholi, uchunchi turkimga esa ko‘chmanchi aholi kirgan. Mavjud manbalardagi keltirilgan ma’lumotlardan shu narsa ma’lumki, Miyonkolning barcha hududlarida istiqomat qiluvchi aholining asosiy qismi birinchi turkumga ya’ni o‘troq yashab dehqonchilik bilan shug‘ullangan aholi turkumiga kirgan (Ivanov, 1958, S. 72). 10 Zarafshonning yirik sug‘orish tarmoqlari Oqdaryo va Qoradaryo oralig‘idagi bu vohaning eng keng joyi Ofarinkent tumani hududiga to‘g‘ri kelib, u 12-15 chaqirimni tashkil etgan. Bu oraliqda yastanib yotgan hududda bir necha yuzlab qo‘sh (1 qo‘sh yer -16 tanobga, 1 tanob yer -0,25 gektar, ya’ni 4 ga teng bo‘lgan) sug‘oriladigan yer maydonlari mavjud bo‘lgan. Bu esa irrigatsiya ishlarini yuqori darajada rivojlanganligini ko‘rsatadi (Хозяйственно-културные традиции нар. Сред Азии и Казахстана, 1975, С.53). Rus tadqiqotchisi N.A.Mayev yuqori Miyonkolning gidrografiyasini shunday tariflaydi: “Yuqori Miyonkol Zarafshon daryosining ikki yirik tarmoqlari oralig‘ida joylashganligiga qaramasdan, suvni asosan Qoradaryodan oladi. Oqdaryo esa o‘zidan shimolda joylashgan maydonlarni suv bilan ta’minlaydi. Qoradaryodan, Miyonkol yerlariga suv yetkazib beradigan Ofarinkent, Mingariq, Xo‘jaariq kabi (magistral) ariqlar bosh oladi. Suv yoqalariga qator daraxtlar ekilgan, dalalar bo‘ylab tarqalib ketgan ko‘p sonli mayda ariqlar bu hududga chiroyli va go‘zal, o‘ziga xos tabiiy manzara beradi” deb aytadi (Mayev, 1872, S.107-108). M.Abduraimov tadqiqotlarida Yuqori Miyonkol (hozirgi Oqdaryo tumani) dalalariga kerakli bo‘lgan suvni yetkazib berish hamda dehqonchilikning taraqqiyotiga xizmat qiluvchi bir necha yirik ariqlar mahalliy aholi tomonidan barpo qilingan. Ular Ofarinkent tumani dalalarini sun’iy tarzda bunyod qilingan 6 ta yirik sun’iy sug‘orish tarmoqlari orqali suv bilan ta’minlab turganligini aytadi (Abduraimov, 1963, S.546). Ofarinkent tumani hududiga zarur bo‘lgan suvni yetkazib berish, ko‘plab mayda ariqlardan tashqari, Oqdaryoning chap, Qoradaryoning esa o‘ng qirg‘og‘idan bosh oladigan bir necha asosiy katta ariqlar xizmat qilgan. Shoxob arig‘i, Chalpanchi arig‘i, Qiyot arig‘i, Norqusgan arig‘i, Chorjoy arig‘i, Jo‘yi Devona arig‘i, Nag‘mon Chaqmoq arig‘i, Alloberdiqora arig‘i, Xonariq, Hazarbobo arig‘i va Hotamxo‘ja arig‘i shular jumlasidandir. Bu yirik ariqlar Ofarinkent tumani dalalarini suv bilan ta’minlovchi bosh ariqlar bo‘lib, bulardan juda ko‘plab mayda shaxobcha sug‘orish tarmoqlari ajralib chiqqan va voha dehqonchiligining rivojiga yuksak darajada hissa qo‘shgan. Bundan tashqari so‘nggi o‘rta asrlarda boshqa ba’zi bir xalqlar vakillarining bu hududga ko‘chish jarayonlari to‘g‘risida ham ma’lumotlar berilgan. Manbalarda XVII asr oxirlarida Zarafshon vodiysining o‘rta qismida yashovchi qoraqolpoqlar to‘g‘risida ma’lumotlar qayd qilingan (bu paytda qoraqalpoqlarning bir qismi qalmiq (jung‘or)lar va qozoqlar ta’qibidan chekinib Miyonkol va uning barcha atrofidagi hududlarga ko‘chib o‘tganlar). Zarafshon vodiysida yashovchi qoraqolpoqlar “Buxoro ulusi sanalib Buxoro hukmdorlarining fuqoralari” hisoblangan (Istoriya narodov Uzbekistana, 1947, S. 106). Shu bilan birga ba’zi manbalarda Miyonkol hududlarida o‘zbeklar orasida qalmiqlar ham yashaganliklari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. Bu xususida Y.K.Meyendorf shunday yozadi: Qalmiqlarni 1771 yilda Volga daryosi qirg‘oqlaridagi hududlarni tark etib, ularning asosiy qismi o‘z oilalari bilan Buxoro xonligi hududiga ko‘chib kelib joylashganliklarini aytadi. Ular o‘z tillarini unitib hattoki o‘zbekcha gaplashishga o‘tib ketgan. Qalmiqlar o‘zbeklarning urf odatlarini qabul qilib ularning orasida 11 ya’ni Miyonkolning alohida qishloqlarida hamda Buxoro xonligining boshqa hududlarida ham yashaganlar (Meyendorf, 1975, S.104). So‘nggi o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoning boshqa hududlari kabi Miyonkol vohasida ham muhim etnik jarayon davom etgan. Bu hududlarga ko‘plab, o‘zbek qabilalari qatorida boshqa ba’zi bir xalqlar vakillarining ko‘chish jarayonlari ham yuz bergan. Buning natijasida Miyonkol polietnik hududlardan biriga aylangan (Pardayev, 2014, 35-bet). Miyonkolning yuqori hududidagi tumani hisoblangan Ofarinkent xonliklar davrida Buxoro xonligining tarkibiga kirib, siyosiy hayotda muhim o‘rin tutgan. Masalan Mo‘g‘ullar davrida rustoqlar sifatida mavjud bo‘lgan ma’muriy hududiy birliklar, tumanlarga aylantirilgan. Chunki, tumanlar rustoqlarga nisbatan kengroq hududlarni o‘ziga qamrab olgan. Temuriylar davrida Zarafshon vodiysida 7 ta tuman bo‘lgan. Hattoki o‘sha davrda “Nim Sug‘da” (Yarim Sug‘d) yoki “Sug‘di Xurd” (“Kichik Sug‘d”) tumanining markazi Ofarinkent shahri bo‘lib, Shayboniylar davridan boshlab, o‘z nomini butun tumanga bergan. Masalan Hofiz Tanish al-Buxoriyning Abdullanoma (“Sharafnomayi shohiy”) asarida Miyonkol hududidagi Ofarinkent viloyat sifatida ta’riflanib, uni Iskandar Bohodirxon boshqarganligi to‘g‘risida ham ma’lumot beriladi (Hofiz Tanish al-Buxoriy, 1999, 24-bet). Yana bir manbada Ofarinkent viloyat sifatida tilga olinadi. Jumladan, Ofarinkent viloyati Oqdaryo va Qoradaryo hosil qilgan orolning yuqori qismida joylashgan bo‘lib, Shayboniylar davridan Ofarinkent nomini olganligi aytiladi (Матриалы по истории казахских ханств XVI-XVIII веков, 1969, С.543). Ashtarxoniylar hukmronligining dastlabki bosqichlarida ham tuman markazi hisoblangan Ofarinkent shahri hokim yoki bekning yohud qo‘shin qozisining qarorgohi bo‘lib xizmat qilgan. Keyinchalik XVII asrning o‘rtalariga kelib, Ofarinkent shahar sifatidagi mavqeini yo‘qota boshlaydi. Uning nufuzini Dahbed shahri egallaydi. Lekin Ofarinkent atamasi tumanda saqlanib qoladi (Vyatkin, 1902, S. 58-59). Manbalardan ma’lumki Dahbed shahri XVI asrning ikkinchi yarmida vujudga kelib, Ashtarxoniylar va Mang‘itlar sulolalari davrida o‘zining taraqqiyot cho‘qqisiga ko‘tarilib, o‘zi alohida shahar maqomiga ega bo‘ladi. Dahbed atamasining paydo bo‘lishi Farg‘ona vodiysining Koson shahrida yashagan keyinchalik XVI asrning boshlarida yuqori Miyonkolga ko‘chib kelgan (hozirgi Oqdaryo tumaniga qarashli Dahbed) Sayid Ahmad Jaloliddin Kosoniyning (1461-1542) faoliyati bilan bog‘liqdir. U Samarqand hukmdori Jonibek sultonning taklifiga binoan yuqori Miyonkol (hozirgi Dahbed) ga ko‘chib kelgan va shu yerda 10 ta tol ekkan. Natijada u yashagan mavze “Dah bed” (forscha tojikcha “o‘nta tol” ) degan nom bilan atala boshlagan (Kattayev, 1994, 5-bet). Mahammad Yusuf Munshining “Tarixi Muqimxoniy” asarida Dahbed shahri hamda u yerda o‘rnashib, umrining ko‘p qismini o‘tkazgan va shu yerda dafn qilingan Maxdumi A’zam Kosoniy (Dahbediy) to‘g‘risida shunday ma’lumotlar keltiriladi: “Xojagi Ahmad ibn Sayid Jaloliddin Farg‘onaning Koson kentida to‘g‘ilib, Markaziy Osiyo so‘fiylarning eng ko‘zga ko‘ringan vakillaridan hisoblangan va butun Markaziy Osiyo bo‘ylab o‘zining ko‘plab shogirdlariga ega bo‘lgan (Muhammad Yusuf Munshi, 1956, S.245). Muhim tomoni shundaki, XVI asrning ikkinchi yarmida Dahbed shahrining atrofi devor bilan o‘rab olingan, unda ko‘pgina masjidlar bor. Dahbed mavzesida Ko‘nchi, Mir 12 Otaboy, Safeduk, Sartaroshon, Shoxob, Tongotar, Beshtut, Oynaqo‘rg‘on va Ochidokor kabi guzar va mahallalar bo‘lib, Kichik bir mavze (shahar) ligiga qaramay Dahbed XVI asrdan boshlab, tasavvuf oqimining eng katta silsilasiga aylangan. Naqshbandiya sulukining markazi hisoblangan (Kattayev, 1994, 6-bet). Xonliklar davrining ko‘plab qo‘lyozma manbalarida Ofarinkent goh tuman, goh viloyat sifatida tilga olinsada, Dahbed moʻjazgina shahar nomi bilan tilga olinadi. Bundan tashqari Buxoro xonligi davrida Ofarinkent tuman sifatida Samarqand viloyat tasarrufiga kirib, ma’muriy jihatdan 3 ta amloqlik (Buxoro xonligi sharoitida yer mulkdan soliq olish uchun ajratilgan har bir ma’muriy-hudud birlik), 26 ta daha 139 ta qishloqni o‘z ichiga olganligi aytiladi. Bu tuman xonlikning eng yirik hosildor hamda aholisi zich joylashgan tumanlaridan biri sanalgan. Shu sababli tumanni aksariyat hollarda Buxoro hukmdorlari tomonidan alohida tayinlangan beklar boshqarganliklari aytiladi (O‘zR MDA. 373-jamg‘arma, 1-ro‘yxat, 88 ish). Keyinchalik esa (Mang‘itlar sulolasining boshlang‘ich davrida), Shoxob va Nag‘mon Chaqmoq amloqlaridan Dahbed amloqligi ajralib chiqqan. Tuman amloqliklari quyidagi dahalarni o‘z ichiga olgan: Shoxob amloqligi: Chovqa, Kumushkent, Tariqchi, Naymancha poyon, Karki va Qo‘shqo‘rg‘on dahalarini o‘z ichiga olib, 34 ta qishloqdan iborat bo‘lgan. Dahbed amloqligi: Dahbed, Jar, Qorateri, Marg‘ulontepa, Xilachi va Mullaxo‘ja, darxon dahalarini o‘z ichiga olib, 39 ta qishloqdan iborat bo‘lgan. Sirg‘ali amloqligi: Hotamxo‘ja, Shayxlar, Burlak, Qo‘ng‘irot, Hazorbobo, Ko‘ksaqol va Avazali dahalarini o‘z ichiga olib, 34 ta qishloqdan iborat bo‘lgan. Nag‘mon Chaqmoq (Yangikent) amloqligi: Mavlum, Qarqarali, Sarka, Yangikent, Chorbog‘tepa va Nayman dahalarini o‘z ichiga olib 32 ta qishloqdan iborat bo‘lgan (Sobolev, 1873, S.647-662). Bundan tashqari Zarafshon vodiysida tadqiqotlar olib borgan I.M. Virskiy Ofarinkent tumanining ma’muriy tuzilishi to‘g‘risida ham muhim ma’lumotlarni keltiradi: Hozirgi Oqdaryo tumani hududida joylashgan “Ofarinkent tumani –Dahbed, Xilachi, Tariqchi, Kumushkent, Jarqishloq, Karki, Qo‘shqo‘rg‘on, Chovka, Loyish, Naymancha, Chorbog‘tepa, Yangikent, Qarqarali, Qoratuxum, Hazorbobo, Burlak, Qo‘ng‘irot, Oqtamg‘ali, Shayxlar va Hotamxo‘ja kabi 20 ta daha, 113 ta qishloq hamda 3620 ta hovlidan iborat. Tuman aholisi –erkaklar 10045 kishini, ayollar 7719 kishini, jami 17764 tashkil etadi” deb yozadi (Virskiy, 1876, S.20-24). Kumushkent yodgorligida G.A. Pugachenkova rahbarligida qariyib 20 yil davomida arxeologik qazuv tadqiqotlari olib borilgan. Shu bilan bir qatorda Oqdaryo tumanining arxeologik yodgorliklari majmuasi ham qilingan. Izlanishlar natijasida tuman hududida 200 ga yaqin yodgorliklar o‘rganilgan. Ularning 130 tasi nomsiztepa deb ro‘yxatga kiritilgan. Bundan tashqari tarixshunos olimalar R.Mulladjonova va G.Norqulovalar ham Miyonkol orolining sharqiy qismida joylashgan 128 ta yodgorliklar to‘g‘risida ma’lumot bergan. O‘rganilgan yodgorliklarning 89 tasi nomsiztepa deb ko‘rsatilgan (Mulladjonova, Norqulova, 2011., 70-73 bet). 13 Biz yuqorida, Oqdaryo tumanining o‘rganilish tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plashga xarakat qildik. Tumanda joylashgan yirik Ofarinkent va Kumushkent shahar xarobalari atrofida joylashgan yodgorliklarni o‘rganilganligiga guvoh bo‘ldik. Shu sababli ushbu ma’lumotlarni to‘ldirish maqsadida, Oqdaryo tumanida arxeologik tadqiqotlar davom ettirildi. Oqdaryo tumanining arxeologik yodgorliklar katalogini qilish, yodgorliklarning o‘rnini yangi uslubda aniqlash, Geografik Infarmasion Sistemaga (GIS) integratsiya qilish, antropogen landshaftning paydo bo‘lishi, ularning rivojlanish dinamikasi, ekologiya va tabiiy muhit bilan bog‘liq muammolarini ochish imkonini beradi. Shu sababli 2020-yil may-iyul oylarida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi Samarqand arxeologiya instituti Samarqand otryadi ilmiy xodimlari tomonidan amaliy tadqiqotlar dasturi ITD-1 (PZ-2017092812) sonli loyihasi asosida Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida joylashgan yodgorliklarning koordinatasi, topoplani, fotosurati, qisqacha tavsifi, o‘rganilish tarixi va arxeologik topilmalar asosida davriy sanasi aniqlandi. Oqdaryo tumani hududida izlanishlar davomida (tosh, bronza, ilk temir davriga oid yodgorliklar saqlangan emas) antik, ilk, o‘rta va so‘nggi o‘rta asrlarga oid 202 ta yodgorlik ya’ni: turar joy manzilgohlari, qal’a va qo‘rg‘onlar, qishloq hamda shahar xarobalari o‘rganilib xaritaga tushirildi (2-rasm). Yodgorliklarning eng qadimgisi antik davriga oid bo‘lib, tuman hududining janubi sharqiy qismida joylashgan Kumushkent shahar xarobasidir. Antik davriga oid bo‘lgan yodgorliklarning asosiy qismi Kumushkent shahar xarobasi atrofida joylashganligi aniqlandi. Bundan tashqari tumanda ilk, o‘rta va so‘nggi o‘rta asrlarga oid yodgorliklar ham qayd qilindi. Vohada olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida antik davriga oid yodgorliklar tuman yodgorliklarining 19 foizini, ilk o‘rta asrlarga oid yodgorliklar 32 foizini, rivojlangan o‘rta asrlarga oid yodgorliklar 25 foizini, so‘nggi o‘rta asrlarga oid yodgorliklar 24 foizini tashkil qildi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Ўзбекистоннинг археологик ёдгорликлари каталоги. 1-том. Самарқанд вилояти. 9-қисм, Оқдарё тумани / Бердимуродов А.Э., Суюнов С.С., Раҳмонов Ҳ.Ў., Асланов А.П. – Самарқанд, 240 бет. 2020 й.
