Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha yangi bosqich boshlandi
2026-09-21 18:25:00 / Yangiliklar

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha yangi bosqich boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-iyuldagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki” hamda “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi” ishtirokida “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish – 2-faza” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-317-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qishloq joylarda yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etishga qaratilgan loyihaning 3-bosqichi boshlandi.
Oqdaryo tumanida “ALFA LINE” MCHJ (ENCOMPASS) tomonidan tashkil etilayotgan loyiha doirasidagi “Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish” 1.4-subkomponentining 3-bosqich o‘quv kurslari Po‘latdarxon, Boshdarxon, Dahbed, A.Navoiy, Bozorjo‘y, Paxtobod, Chorbog‘ va Taraqqiyot mahallalarida tashkil etiladi.
Shu munosabat bilan Dahbed mahallasidagi 7-sonli musiqa maktabida tadbirkorlikka qiziqish bildirgan xotin-qizlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Yulduz O‘roqova, loyiha direktori Dilshodbek Otaboyev hamda tadbirkorlikka qiziqish bildirgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Suhbat davomida loyiha direktori Dilshodbek Otaboyev tomonidan loyihaning 1- va 2-bosqichlarida erishilgan natijalar, xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash va rivojlantirish borasida taqdim etilayotgan ko‘maklar haqida ma’lumot berildi.
Mazkur o‘quv kurslari xotin-qizlarning tadbirkorlik bilim va ko‘nikmalarini oshirish, yangi biznes g‘oyalarni ro‘yobga chiqarish hamda ularning iqtisodiy faolligini yuksaltirishga xizmat qiladi.



