YOSHLARGA YER — BARQAROR DAROMAD MANBAI
2026-09-18 10:55:00 / Yangiliklar

YOSHLARGA YER — BARQAROR DAROMAD MANBAI
Bugun, payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan Oqdaryo tumanining Uzunqishloq mahallasida tuman hokimi Temur Maxmudov, sektor rahbarlari hamda MMTP rahbarlari ishtirokida dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ishsiz yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda yoshlarning bandligini ta’minlash, ularga o‘z mehnati orqali daromad topish imkoniyatini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tuman hokimi tashabbusi bilan fermer xo‘jaliklari rahbarlari va yoshlar o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida yer maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Unga ko‘ra, tumandagi 33 nafar ishsiz yoshga fermer xo‘jaliklari bilan tuziladigan ijara shartnomasi asosida bir yil muddatga yer maydonlari foydalanish uchun ajratiladi.
Muhimi, yoshlar uchun qator qulayliklar yaratiladi. Jumladan, fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan yerni haydash, ekish, sug‘orish va boshqa zarur xarajatlar amalga oshiriladi.
G‘alla o‘rim-yig‘imi yakuniga yetgach, ajratilgan 1 gektar yer maydonidan olingan rejadan tashqari g‘alla hosili yoshlarga beriladi. Shuningdek, g‘alladan so‘ng yer maydonlaridan takroriy ekin ekish uchun foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Natijada yoshlar o‘z mehnati orqali o‘rtacha 1 gektar yer maydonidan 25–30 million so‘mgacha daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bu tashabbus orqali yoshlarni ish bilan ta’minlash barobarida, ularni yerdan unumli foydalanishga, tadbirkorlik va dehqonchilik ko‘nikmalarini shakllantirishga hamda barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishga keng imkoniyat yaratiladi.






