#Murojaat
2026-06-19 11:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

#Murojaat
⚡️26-iyun — “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni” munosabati bilan Oqdaryo tumani hokimi Temur Maxmudovning tuman aholisiga
MUROJAATI
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar, aziz yoshlar, muhtaram ota-onalar va faxriylar!
Inson salomatligi, oila tinchligi va jamiyat barqarorligiga tahdid soluvchi illatlar orasida giyohvandlik eng xavfli muammolardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda bu illatning yangi ko‘rinishlari, ayniqsa sintetik va psixoaktiv moddalarning tarqalishi butun dunyo qatori mamlakatimizda ham jiddiy e’tibor talab qilmoqda.
Oqdaryo tumanida aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarni zararli odatlar ta’siridan muhofaza qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Aziz yoshlar!
Sizlar mamlakatimiz taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi, ertangi kunimizning ishonchli egalarisiz. Orzu va maqsadlaringizga faqat bilim, mehnat, intilish va sog‘lom hayot tarzi orqali erishish mumkin. Giyohvandlik va boshqa zararli illatlar esa insonning nafaqat sog‘lig‘ini, balki kelajagini ham izdan chiqaradi.
Shu bois har bir yoshni sport bilan shug‘ullanishga, kitob mutolaasiga, zamonaviy kasb-hunar va texnologiyalarni egallashga chaqirib qolaman.
Qadrli ota-onalar!
Farzand tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor bugun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularning qiziqishlari, do‘stlari, bo‘sh vaqt mashg‘ulotlari va internetdagi faoliyatidan xabardor bo‘lish orqali ko‘plab salbiy holatlarning oldini olish mumkin.
Hurmatli tumanimiz ahli!
Giyohvandlikka qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki har bir fuqaro, har bir oila va butun jamoatchilikning umumiy vazifasidir. Faqat hamjihatlik, ogohlik va mas’uliyat bilan biz yoshlarimizni turli tahdidlardan asrab, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalay olamiz.
26-iyun — “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni” munosabati bilan barchangizni sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga, yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashga va giyohvandlikka qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishga chaqiraman.
Yurtimiz tinch, oilalarimiz farovon, yoshlarimiz sog‘lom va baxtli bo‘lsin!
Temur Maxmudov,
Oqdaryo tumani hokimi
