Oqdaryo tumanida Xitoy delegatsiyasi qabul qilindi
2026-06-09 14:10:00 / Yangiliklar

Oqdaryo tumanida Xitoy delegatsiyasi qabul qilindi
Bugun Oqdaryo tumani hokimi Temur Mahmudov Xitoy Xalq Respublikasining Sichuan provinsiyasi Neijiang shahridan tashrif buyurgan delegatsiyani qabul qildi. Delegatsiyaga Neijiang shahar partiya qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari Tsay Ley boshchilik qildi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, logistika hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Xitoyning qator yirik kompaniyalari vakillari bilan investitsiyaviy hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinib, Oqdaryo tumanining iqtisodiy salohiyati va investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar. Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.









