OLTINSOY TUMANI HOKIMI MAVLYANOV OTABEK RUSTAMOVICHNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINING 35 YILLIGIGA TABRIGI
2026-09-01 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

OLTINSOY TUMANI HOKIMI MAVLYANOV OTABEK RUSTAMOVICHNING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINING 35 YILLIGIGA
TABRIGI
Assalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Siz, azizlarni, ko‘p millatli xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom — Mustaqilligimizning 35 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim, ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
Mustaqillik bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Qadrli do‘stlar!
Mana shu hayajonli daqiqalarda hammamiz milliy istiqlolimiz naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning tarixiy ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. O‘zbekiston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydi. Aynan istiqlol tufayli Jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladik. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi.
Ushbu yilda Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami mamlakatimiz bo‘ylab “Yagona vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” ezgu shiori ostida keng nishonlanmoqda.
Shunday qutlug‘ kunda O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar ajdodlarimiz xotirasini minnatdorlik bilan yodga olishimiz tabiiy, albatta.
Ular — o‘z xalqini taraqqiyot sari boshlagan jadid bobolarimiz, milliy ozodlik yo‘lida jon fido etgan ulug‘ ajdodlarimizdir. Ular — g‘oyat og‘ir sharoitda ham milliy istiqlol va hurriyat g‘oyalariga sodiq qolgan qahramonlarimizdir. Bugun ularning ezgu g‘oya va tamoyillariga tayanib, yangi hayot, yangi jamiyat poydevorini yaratmoqdamiz.
Hozirgi kunda Yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida boshlagan ulkan islohotlarimiz tufayli mustaqillik bergan huquq va erkinliklarni har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida chuqur his qilib, bu imkoniyatlardan keng foydalanmoqda. Aynan ana shu ulug‘vor g‘oya asosida biz uch ming yillik boy tarix va madaniyatimizni qaytadan idrok etdik.
Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida yurtimiz zaminidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans an’analarini rivojlantirib, Uchinchi Renessans sari dadil amaliy qadamlar qo‘ymoqdamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan qadamlar qo‘yilib, boshlagan har bir ishimiz, erishgan har bir yutug‘imizda istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon bo‘lmoqda. Vatanimiz dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilmoqda. Mintaqamiz va butun jahonda do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda.
Barcha islohotlarimizning ruhi va mazmuniga “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu g‘oya chuqur kirib bormoqda.
Bu borada tumanimizda Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ko‘plab bino-inshootlar bunyod etildi.
Birgina 2026-yilda tumanimizda 24 milliard 824 million so‘m mablag‘ evaziga 4 ta umumta’lim maktabi va 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari binolari qurib bitkazildi. Shuningdek, tumandagi 13- va 43-maktab binolari mukammal ta’mirlandi. Olmazor mahallasida 23-maktab hamda Ovchi mahallasida 26-maktab hududlarida qo‘shimcha o‘quv binolari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Shoxcha mahallasida umumiy qiymati 12 milliard so‘mlik, 330 o‘rinli yangi maktab binosi to‘liq qurib bitkazildi.
Bundan tashqari, Bo‘ston mahallasi hududidagi “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘i, tuman markazidagi Yoshlar va turizm ko‘chasi hamda Amir Temur ko‘chalari ta’mirlanib, zamonaviy qiyofaga keltirildi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi Yangiqurilish mahallasida umumiy loyihasi 5 milliard so‘m bo‘lgan yoshlar sayilgohi va savdo shoxobchalari obyektlari qurildi.
Bo‘ston mahallasida umumiy loyihasi 39 milliard so‘mlik 91 ta xonadon qurildi. Shuningdek, tumanimizdagi og‘ir toifadagi 10 ta mahallada 30 milliard so‘mlik, hamda “Yangi O‘zbekiston” qiyofasidagi 2 ta mahallada 10 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilib, hozirgi kunda mazkur mahallalarda obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.
Bundan tashqari, joriy yilda tumanimizda hududiy investitsiya loyihasi doirasida jami 16 ta loyiha amalga oshirilib, 380 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Jumladan, Qoratepa mahallasi hududida “MASH’AL YUSN” korxonasi tomonidan umumiy loyihasi 80 milliard so‘mlik yangi zamonaviy “Eko bozor” majmuasi bunyod etildi.
Mazkur majmuada hozirgi kunda xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ochiq va yopiq turdagi savdo obyektlari, avtoturargoh va Wi-Fi hududlari tashkil etilib, fuqarolarimizga xizmat ko‘rsatmoqda.
Mingchinor mahallasida “Oltinsoy Biznes Magnat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 1 million dollarlik, 6 gektar yer maydonida limonariylar qurilib, 80 nafar yangi ish o‘rni yaratildi.
2026-yilda tumanimizda sanoat ishlab chiqarish hajmi 109,7 foizga, xizmatlar hajmi 120 foizga, hamda investitsiyalar hajmi 178 foizga oshdi.
Qishloq xo‘jaligida ham ushbu yilda pillakorlarimiz tomonidan 157 tonna pilla yetishtirilib, yillik belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi. Shuningdek, g‘allakor dehqonlarimiz ham ushbu yilgi g‘alla mavsumida 13 ming 733 tonna g‘alla yetishtirib, rejani ortig‘i bilan ado etishdi.
Muhtaram do‘stlar!
Ushbu tadbirdan foydalanib, men bugun tumanimizdagi barcha yoshlarga murojaat qilmoqchiman.
Qadrli o‘g‘il-qizlarim, mamlakatimiz istiqboli, barcha ezgu niyatlarimiz ijobatini biz avvalo sizlarning timsolingizda ko‘ramiz. Kelajakda turli sohalarda ulkan yutuq va zafarlarga erishib, yurtimizni dunyoga yanada keng tarannum etishingizni istaymiz.
Marrani baland oling, Siz buyuk ishlarga qodirsiz!
Hamisha o‘z kuchingiz, qat’iyat va salohiyatingizga ishoning!
Davlatimiz, xalqimiz, Muhtaram Prezidentimiz Sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun shiddatli hayotning o‘zi barchamizni yanada ulkan marralar sari da’vat etmoqda. O‘z kuchimiz va salohiyatimiz bilan barpo etgan mustaqil davlat, erkin va ozod jamiyatni yanada kuchli, yanada go‘zal va obod etish bosh vazifamizga aylanmoqda.
Bu shunday yuksak marraki, unga erishish uchun har qancha mehnat qilsak arziydi. Bu shunday buyuk, sharafli maqsadki, unga butun borlig‘imizni baxsh etsak arziydi.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, mana shunday ezgu g‘oya atrofida birlashib, islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, fidokorona mehnati bilan yangi hayot binosini barpo etayotgan buyuk xalqimizga farzandlik mehri bilan ta’zim qilaman.
Siz azizlarni, butun xalqimizni Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
