KOMPLEKS RIVOJLANTIRISH VA YANGI ISH O‘RINLARI — BRIFING MARKAZIDA
2026-06-24 12:05:00 / Matbuot anjumanlari

KOMPLEKS RIVOJLANTIRISH VA YANGI ISH O‘RINLARI — BRIFING MARKAZIDA
Oltinsoy tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan brifingda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Mahmudjon Rasulov Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan muhim qarorlar ijrosi doirasida tumanda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berdi.
Xususan, davlatimiz rahbarining 2026 yil 5 fevraldagi “2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlari yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–49-sonli qarori hamda 2025 yil 8 oktabrdagi “Alohida tuman (shahar) va "mahalla"larni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–298-sonli qarori ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qarorlarda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini keng qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani takomillashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va zamonaviy xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish kabi muhim vazifalar belgilab berilgan.
Ushbu vazifalardan kelib chiqqan holda Oltinsoy tumani uchun maxsus “Kompleks rivojlantirish” dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, uning doirasida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
— Tumanni og‘ir toifadan chiqarish maqsadida respublika va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan jami 60 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shundan 50 milliard so‘m respublika budjetidan, 10 milliard so‘m esa mahalliy budjet mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi, — dedi Mahmudjon Rasulov.
Shuningdek, tumandagi “Yangiqurilish” va “Mustaqillik 10 yilligi” "mahalla"larini zamonaviy qiyofaga keltirish, aholi uchun munosib yashash muhitini yaratish maqsadida har bir "mahalla"ga 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgani qayd etildi.
Bundan tashqari, tumanda amalga oshirilayotgan 2 ta drayver loyiha uchun respublika budjetidan 7,3 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan yo‘l, elektr energiyasi, ichimlik suvi va boshqa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.
Brifing davomida qarorlar ijrosi doirasida aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, aholi daromadlarini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha erishilayotgan natijalar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini yanada oshirish va iqtisodiy faollikni kuchaytirishga qaratilgan istiqboldagi vazifalar xususida ham to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir yakunida jurnalistlar va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar. Ochiq muloqot ruhida kechgan brifing aholini qiziqtirayotgan dolzarb masalalar yuzasidan muhim ma’lumotlarni yetkazishga xizmat qildi.

