TA’LIM SOHASIDAGI YuTUQLAR VA ISTIQBOLDAGI VAZIFALAR MUHOKAMA QILINDI
2026-06-24 11:30:00 / Matbuot anjumanlari

TA’LIM SOHASIDAGI YuTUQLAR VA ISTIQBOLDAGI VAZIFALAR MUHOKAMA QILINDI
Bugun, 24 iyun kuni Oltinsoy tuman hokimligi majlislar zalida tuman hokimligi Axborot xizmati rahbari O‘rol Abdurasulov tashabbusi bilan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Mahmudjon Rasulov hamda tuman hokimi o‘rinbosari Temur Chorshanbiev ishtirokida brifing tashkil etildi. Unda “Xalq va hayot” gazetasi jurnalistlari va blogerlar qatnashdi.
Brifingning asosiy mavzusi Oltinsoy tumanidagi umumta’lim maktablarida 2025–2026 o‘quv yili davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlandi.
Tuman hokimi o‘rinbosari Temur Chorshanbiev o‘z axborotida tumanda 71 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritayotganini ta’kidlab, bugungi kunda mazkur ta’lim muassasalarida 36 ming 82 nafar o‘quvchi tahsil olayotganini ma’lum qildi. Joriy o‘quv yilida 3 ming 82 nafar o‘quvchi 9-sinfni, 7 ming 612 nafar o‘quvchi esa 11-sinfni muvaffaqiyatli tamomladi. Bitiruvchilar orasida 49 nafar oltin medal va 3 nafar kumush medal sohibi borligi ta’lim sifati yuksalib borayotganining yorqin ifodasi sifatida qayd etildi.
Brifingda ta’lim jarayoni samaradorligini belgilovchi asosiy omillardan biri — pedagog kadrlar salohiyati haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, 2024–2025 o‘quv yilida 296 nafarni tashkil etgan oliy toifali o‘qituvchilar soni 2025–2026 o‘quv yilida 333 nafarga yetgan. Shuningdek, birinchi va ikkinchi toifali hamda mutaxassis o‘qituvchilar sonida ham sezilarli o‘sish kuzatilgan.
O‘quvchilar va o‘qituvchilarning xalqaro hamda milliy sertifikatlarga ega bo‘lish ko‘rsatkichlari ham ijobiy natijalarni namoyon etmoqda. Ayniqsa, o‘qituvchilar tomonidan qo‘lga kiritilgan sertifikatlar sonining 680 tadan 1160 tagacha oshgani sohada olib borilayotgan tizimli ishlar samarasi ekanligi ta’kidlandi.
T. Chorshanbiev ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish, o‘qituvchilar malakasini yuksaltirish hamda o‘quvchilarning bilim darajasini oshirish borasidagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilishini qayd etdi.
Tadbir yakunida jurnalistlar va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi. Ochiq va samimiy muloqot ruhida o‘tgan brifing ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi hamda ta’lim sohasidagi mavjud imkoniyatlar va istiqbolli rejalar haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini yaratdi.
