2026 yil 17 aprel kunidagi O‘RQ-1130-sonli Qonun bilan qonun hujjatlariga qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi?
2026-06-04 12:00:00 / Yangiliklar

2026 yil 17 aprel kunidagi O‘RQ-1130-sonli Qonun bilan qonun hujjatlariga qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi?
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bolalarga nisbatan Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga JKning 129-modda ikkinchi qismi dispozitsiyasining «j» bandi quyidagi mazmundagi «j» va «z» bandlar bilan almashtirilsin:
«j) jabrlanuvchini tarbiyalash, o‘qitish va (yoki) unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan ta’lim, tarbiya, davolash muassasasining yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan;
z) telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa»;
Jinoyat kodeksi quyidagi mazmundagi 1291-modda bilan to‘ldirildi.
«1291-modda. Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni saqlash, tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish
Voyaga yetmagan shaxs tavsiflanganligi yoki tasvirlanganligi aybdorga ayon bo‘lgan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlash, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etish, —
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi»;
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi quyidagi mazmundagi 662-modda bilan to‘ldirildi:
«662-modda. Voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili
Guvoh voyaga yetmagan shaxs bo‘lgan hollarda, uning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun guvohning qonuniy vakili ishda ishtirok etishga jalb qilinadi.
Ishda qonuniy vakil sifatida ota-ona, farzandlikka olgan shaxs, vasiylar, homiylar, vasiylik va homiylik organining vakillari ishtirok etishi mumkin. Voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili ishda o‘zi vakillik qilayotgan shaxs bilan birga ishtirok etadi.
Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilganligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Guvohning manfaatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari o‘zaro mos kelmagan taqdirda, qaror yoxud ajrim bilan boshqa qonuniy vakil yoki advokat jalb qilinadi.
Voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili ushbu Kodeksda qonuniy vakil uchun nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi»;
Yuqoridagi qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakatimizda bola huquqlarini ta’minlashga, ularga nisbatan sodir etilayotgan har qanday turdagi zo‘ravonliklarning oldini olishga samarali xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tuman
sudining tergov sudyasi I.Ergashev
