Huquqiy nigilizm: mazmuni, sabablari, turlari va uni bartaraf etish yo‘llari
2026-05-14 14:45:00 / Press-relizlar

Huquqiy nigilizm: mazmuni, sabablari, turlari va uni
bartaraf etish yo‘llari
Aksariyat huquqiy demokratik davlatlarning asosiy maqsadi — qonun ustuvorligini ta’minlash va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir. Jamiyatda qonunlarga hurmat, huquqiy madaniyat va huquqiy ong qanchalik yuqori bo‘lsa, davlat taraqqiyoti ham shunchalik barqaror bo‘ladi. Biroq ayrim holatlarda insonlar va hatto ayrim davlat organlari tomonidan qonunlarga nisbatan befarqlik, ishonchsizlik yoki ularni mensimaslik holatlari uchraydi. Bu esa huquqiy nigilizm deb ataladi.
Huquqiy nigilizm — jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi muhim ijtimoiy-huquqiy muammolardan biri hisoblanadi. U qonun ustuvorligiga putur yetkazadi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni susaytiradi hamda huquqbuzarliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Huquqiy nigilizm — shaxs, guruh yoki jamiyatning huquq va qonunlarga nisbatan salbiy munosabati, ularning ahamiyatini inkor etishi yoki mensimasligidir. Bunday holatda inson qonunlarni adolatli va zarur deb hisoblamaydi, ularga amal qilishni muhim deb bilmaydi. Huquqiy nigilizm huquqiy ong va huquqiy madaniyatning past darajasi bilan chambarchas bog‘liq.
Huquqiy nigilizmning yuzaga kelishiga turli omillar ta’sir ko‘rsatadi. Ulardan asosiy sabablar quyidagilardan iborat, ya’ni huquqiy savodxonlikning pastligi, korrupsiya va adolatsizlik, qonunlarning samarasiz ishlashi, ijtimoiy va iqtisodiy muammolar va boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkin.
Huquqiy negilizm bir nechta turlarga bo‘linadi, jumladan, oddiy (maishiy) huquqiy nigilizm, nazariy (ilmiy) huquqiy nigilizm, guruhiy huquqiy nigilizm, individual huquqiy nigilizm, passiv va aktiv huquqiy nigilizm. Umuman olganda huquqiy nigilizmning har bir turi jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi hech kimga sir emas.
Jamiyatda huquqiy nigilizmni kamaytirish uchun quyidagi choralarni amalga oshirish maqsadga muvofiq, jumladan, 1.huquqiy ta’limni rivojlantirish - ta’lim muassasalarida huquqiy fanlarning sifati va samaradorligini oshirish zarur. 2.Huquqiy madaniyatni yuksaltirish - aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega. 3.Qonun ustuvorligini ta’minlash - har bir shaxs qonun oldida teng bo‘lishi va huquqbuzarlik uchun javobgarlik muqarrar bo‘lishi lozim. Korrupsiyaga qarshi samarali kurash - korrupsiyani kamaytirish jamiyatning huquq tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Jamiyat va davlat taraqqiyotiga xavf tug‘diruvchi salbiy ijtimoiy-huquqiy hodisalardan biri bu -huquqiy nigilizmdir. Uni bartaraf etish uchun aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda adolatli davlat boshqaruvini shakllantirish zarur. Faqat huquqiy jihatdan yetuk jamiyatdagina demokratik islohotlar samarali amalga oshirilishi mumkin.
Oltinsoy tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i I.Ibragimov, bosh mutaxassis R.Ashurov
