OLTINSOYDA TEZ TIBBIY YORDAM STANSIYASINING YANGI BINOSI ISH BOSHLADI
2025-12-17 14:00:00 / Yangiliklar

OLTINSOYDA TEZ TIBBIY YORDAM STANSIYASINING YANGI BINOSI ISH BOSHLADI
Bugun, 17 dekabr kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov vohadagi tumanlarda tez tibbiy yordam stansiyalarining rekonstruksiya qilinib, yangilangan binolarining tantanali ochilish marosimiga bag‘ishlab, videoselektor tarzida yig‘ilish o‘tkazdi.
Viloyatimiz rahbari joylarda o‘rnatilgan studiyalarda qatnashayotgan tumanlar hokimlari, tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari bilan onlayn muloqot chog‘ida soha xodimlarini va barchani tabriklab, bunday shart-sharoitlarning qadriga yetib, mehnat qilish borasida tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng barcha yangilangan tibbiy ob’ektlarda onlayn tarzda tantanali ochilish marosimlari o‘tkazildi. U.Qosimov barchani yangi inshootlarning ish boshlagani bilan qutladi.
Oltinsoy tumani tez tibbiy yordam stansiyasining 1 milliard 360 million so‘m mablag‘ evaziga yangi qiyofa kasb etgan binosining ochilish marosimida tuman hokimi Bahrom Maxmatraemov, Respublika tez tibbiy yordam markavzi Surxondaryo filiali vakili To‘lagan Yusupov, tuman hokimi o‘rinbosari Temur Chorshanbiev, tuman tez tibbiy yordam stansiyasi boshlig‘i Ali Abrayqulov, mehnat faxriylaridan Mamasaid Roziqov, Ashurali Oripov, Ibrohim Obilov, tibbiyot va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Oqsoqollar tomonidan alvon lenta qirqildi. Tuman hokimi Bahrom Maxmatraemov shifokorlarni yangi binoda yetarli ish sharoitlariga ega bo‘lganliklari bilan tabriklab, xalqimiz salomatligini asrash borasidagi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shundan so‘ngviloyat Kengashi deputati Ashurali Oripov jamoani yangilangan binoning ochilishi munosabati bilan qutlarkan:
—Avvalo, xalqimizga shunday shart-sharoitlarni yaratib berishga bosh-qosh bo‘layotgan Prezidentimizga, viloyatimiz va tumanimiz hokimiga ming rahmat,—dedi A.Oripov o‘z so‘zida.—Kuniga 54 ta mahalla kesimida 170-200 ta chaqiruvga labbay deb javob berib odamlar sog‘ligini muhofaza qilayotgan Ali Abrayqulov rahbarlik qilayotgan jamoa shifokorlariga, “Tez yordam”mashinasi haydovchilari va vrach hamda hamshira, feldsherlar ishiga omad tilaymiz. Davlatimiz rahbari rahnamoligida har bir chaqiruvga 250 ming so‘mdan sarf-xarajat qilinmoqda. Bu hazilakam gap emas. Bunday yurtga fuqaro bo‘lishning o‘zi baxt. Endigi vazifa shunday ko‘rkam binoni va uning atrofini toza,ozoda va ko‘z qorachig‘idek asrash lozim. Bu bino va avtombillar xalqimizga uzoq yillar xizmat qilishi kerak. Stansiya hovlisini ko‘kalamzorlashtirish, yashil hudud, yashil makonga aylantirishda jamoa a’zolari bir jon, bir tan bo‘lib ishlashlari lozim. Bu yerga navbatchilikka kelgan har bir xodim atrofdagi yashillikdan, tozalik va ozodalaikdan bahra olsa ishi unumli bo‘ladi.
Tadbir ishtirokchilari yangilangan binoda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirib, quruvchilarga tahsinlar aytishdi.
Bugungi kunda Oltinsoy tumani tez tibbiy yordam stansiyasida 438 nafar xodimlar faoliyat yuritadi. Shulardan 10 nafarga yaqini shifokor, 230 nafari o‘rta tibbiyot xodimi, 19 nafari kichik tibbiyot xodimi va 90 nafari haydovchilardir.
Stansiya tarkibida bitta reanimatsion, 11ta shifokorlik, 4 ta feldsherlik brigadalari ishlab turibdi. 2025 yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra, Oltinsoy tumani tez tibbiy yordam stansiyasi tomonidan 90679ta chaqiruvga borilib, bemorlarga tez tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan.
—Mehnat jamoamiz a’zolari davlatimizning bunday g‘amxo‘rligidan juda xursand bo‘lishdi, — deydi stansiya boshlig‘i Ali Abrayqulov. — Endilikda barcha shart-sharoitlari muhayyo ishxonada xodimlarimiz o‘z vazifalari va burchini to‘laqonli ado etib, xalqimizning olqishiga sazovor bo‘ladilar.



