KUCHLI FUQAROLIK JAMIYATI — TARAQQIYOT VA XALQ FAROVONLIGI GAROVI
2026-11-18 10:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Oltinko'l tumani hokimi O.Rasulovning «Fuqarolik jamiyati haftaligi» munosabati bilan fuqarolik jamiyati institutlari vakillariga murojaatnomasi
Hurmatli fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari!
Avvalo, sizlarni «Fuqarolik jamiyati haftaligi» munosabati bilan Andijon viloyati hokimligi nomidan samimiy muborakbod etaman.
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning zamirida inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xalqimizni rozi qilishdek ezgu maqsadlar mujassam.
Bu maqsadlarga erishishda davlat organlari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari hamda faol fuqarolarning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Zero, kuchli fuqarolik jamiyati — ochiq va adolatli boshqaruv, ijtimoiy barqarorlik, davlat va xalq o‘rtasidagi ishonchli muloqot hamda jamiyatdagi muammolarga o‘z vaqtida yechim topishning muhim omilidir.
Bugungi kunda Oltinko'l tumanida ham aholi turmush farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga ko‘maklashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ekologiya sohalaridagi islohotlarni izchil davom ettirish ustuvor vazifalarimizdan hisoblanadi.
Ushbu vazifalarni samarali amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining tashabbuslari, amaliy loyihalari, faol fuqarolik pozitsiyasi va jamoatchilik nazorati muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, barcha fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini viloyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish, mavjud muammolarni birgalikda hal etish va aholi manfaatlarini ta’minlash yo‘lida yanada faol bo‘lishga chaqiraman.
Bu borada, avvalo, mahallalardagi aholi muammolarini chuqur o‘rganish, fuqarolar murojaatlarini tahlil qilish va ularning yechimi yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish zarur.
Xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va jamiyat hayotidagi faolligini oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari imkoniyatlaridan keng foydalanishimiz lozim.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot sifatini yaxshilash ham doimiy e’tiborimizda bo‘lishi kerak.
Davlat dasturlari, hududiy loyihalar va budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligi ustidan qonuniylik va xolislik asosida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda ekologik madaniyatni yuksaltirish ham dolzarb vazifalarimiz sirasiga kiradi.
Bundan tashqari, oila institutini mustahkamlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jamiyatda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini qaror toptirishda ham fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokini kuchaytirish muhimdir.
Ayni paytda har bir nodavlat notijorat tashkiloti o‘z faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqib, aniq maqsad va natijaga qaratilgan loyihalarni ishlab chiqishi, ularni amalga oshirishda davlat organlari, mahalliy Kengashlar, mahalla institutlari va tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashi zarur.
Hurmatli hamyurtlar!
Men fuqarolik jamiyati institutlarini davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik, xalqimizning ovozi, orzu-intilishlari va tashabbuslarini ifoda etuvchi muhim kuch sifatida bilaman.
Shu nuqtayi nazardan, Andijon viloyati hokimligi fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining asosli tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular bilan ochiq va samimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etishga doimo tayyor.
Eng muhimi, har bir tashabbus ortida inson manfaati, har bir loyiha zamirida esa aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan aniq natija bo‘lishi lozim.
Zero, fuqarolik jamiyatining kuchli bo‘lishi — jamiyatning faolligi, davlat boshqaruvining ochiqligi va xalq bilan muloqotning samaradorligini belgilaydi.
Fursatdan foydalanib, sizlarni viloyatimizni yanada obod va farovon hududga aylantirish, aholi manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash yo‘lida davlat organlari bilan yelkadosh bo‘lib harakat qilishga chaqiraman.
Ishonchim komilki, o‘zaro ishonch, mas’uliyat va hamjihatlikka asoslangan hamkorligimiz natijasida Andijon viloyatining har bir mahallasida, har bir oilasida ijobiy o‘zgarishlarga erishamiz.
Zero, xalq manfaati yo‘lidagi hamkorlik — taraqqiyotning eng ishonchli poydevoridir!
Hurmat bilan,
Oltinko'l tumani hokimi
O.Rasulov
