Oltiariq tumanida «Tenglik va hurmat» platformasi asosida «Qonun ustuvorligi, inson qadr-qimmati va zo‘ravonlikka qarshi hamkorlikda kurashish — tinch va farovon hayot garovidir» mavzusida muloqot o‘tkazildi.
2026-09-14 11:00:00 / Yangiliklar
Oltiariq tumanida «Tenglik va hurmat» platformasi asosida «Qonun ustuvorligi, inson qadr-qimmati va zo‘ravonlikka qarshi hamkorlikda kurashish — tinch va farovon hayot garovidir» mavzusida muloqot o‘tkazildi.
Muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, oilaviy qadriyatlarni asrash, xotin-qizlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i K.Kavlonova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Komilov, viloyat IIB XPB boshlig‘ining o‘rinbosari D.O‘rinova, Oltiariqtumani IIB XPB boshlig‘i D.Gʻofurov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ul xodimi Yo.Nosirova hamda Migratsiya agentligi viloyat boshqarmasi mas’ul xodimi J.Zayniyevlar ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqanlar mavzu doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash, huquq va manfaatlarni himoya qilish, oilada sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish hamda zo‘ravonlikning oldini olishda davlat tashkilotlari va jamoatchilik hamkorligining ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirdilar.
Shuningdek, zo‘ravonlikka duch kelgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishda mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida shukronalik, oilaviy hamjihatlik hamda huquqiy mavzulardagi videoroliklar namoyish etildi. Mazkur materiallar orqali tinchlik va osoyishtalikni asrash, oilada o‘zaro hurmat va ishonch muhitini mustahkamlash, har bir insonning huquq va qadr-qimmatini himoya qilish muhimligi yana bir bor ta’kidlandi.
Muloqot yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislardan huquqiy, ijtimoiy va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli javoblar oldilar.

