Quvurboshi mahallasida tomorqadan samarali foydalanish tajribasi bilan tanishildi
2026-08-01 05:30:00 / Yangiliklar
Oltiariq tumani hokimi Sh.Turdaliyev boshchiligidagi ishchi guruh "Dolzarb 40 kun" doirasida Quvurboshi mahallasida bo‘lib, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish va serdaromad qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetishtirish borasida tajriba orttirgan xonadonlar bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, Sharq ko'chasida yashovchi fuqaro A.Jalolov o'z tomorqasida uzumchilik bilan bir qatorda limon, bodom, pista va kivi kabi mevali daraxtlarni ham parvarish qilmoqda.
Shuningdek, u xonadonida 15 tonna sig'imga ega sovutgichli omborxona tashkil etib, yetishtirilgan hosilni saqlash va sifatli sotishni yo'lga qo'ygan.
Tuman hokimi mahalla faollariga ushbu ijobiy tajribani boshqa xonadonlar orasida ham keng targ'ib qilish, tomorqachilikka qiziqqan fuqarolarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha aniq tavsiya va topshiriqlar berdi.
