Olmazor tumani hokimining tuman aholisi va tadbirkorlariga murojaati
2026-09-12 21:13:46 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Muhtaram tumanimiz fuqarolari, tadbirkorlari, xotin-qizlar va yoshlar!
Kuni kecha hurmatli Prezidentimiz raisligida Olmazor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusi yillarda birinchi navbatda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bugungi tez o‘zgarayotgan zamonda tuman va mahalla darajasida ishlarni tashkil qilish bo‘yicha mutlaqo yangi, qat’iy talablar qo‘yildi.
Biz ichki imkoniyatlardan to‘liq foydalana olmayotganimiz, ayniqsa, tumanda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi bor-yo‘g‘i 67 foiz ekani, xizmatlar hajmi yil boshidan buyon atigi 22 foizga o‘sgani, tumandagi korxona va tashkilotlarda 4 mingdan ortiq o‘rta maxsus ma’lumotli xodimga ehtiyoj borligi yuzasidan davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan haqqoniy e’tirozlardan to‘g‘ri xulosa chiqardik. Men tuman hokimi sifatida barcha o‘rinbosarlarim va sektor rahbarlari bilan birgalikda kunu tun kuchaytirilgan ish tartibida ishlashga o‘tganimizni e’lon qilaman.
Hurmatli tumanimiz fuqarolari!
Olmazor tumani hokimligi xalqimiz va muhtaram Prezidentimiz oldida quyidagi eng ustuvor vazifalarni so‘zsiz ijro etishga va’da beradi:
Tuman mutasaddilari bilan birgalikda har kungi ishimizni ertalabdan 50–60 nafar tadbirkor bilan bevosita muloqot qilishdan boshlaymiz.
Tumandagi 6 mingdan ziyod ishsiz fuqaroni ish bilan, ijtimoiy reyestrga kiritilgan 3 mingta oilani esa barqaror daromad manbai bilan ta’minlab, tumanni ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish — bosh maqsadimiz.
Buning uchun quyidagi yo‘nalishlarda ishlarni tashkil etamiz:
Birinchidan, banklar bilan birgalikda tayyor “inklyuziv” loyiha paketlarini ishlab chiqib, tadbirkorlarga taklif etamiz. Bunda:
Tumandagi davlat idoralari binolarining umumiy maydoni 78 ming kvadrat metr bo‘lib, ularning kamida 50 foizini tadbirkorlarga kafolatli va uzoq muddatli ijaraga chiqaramiz;
Prezidentimizning yangi farmonlari doirasida tumandagi qiymati 100 milliard so‘m bo‘lgan 52 ta davlat obyektini ochiq savdoga chiqaramiz;
Ikkinchidan, Prezidentimizning tashabbusi bilan endi ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi xonalarni (tumanda 9 mingta shunday kvartira bor) noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan savdo va xizmat ko‘rsatishga moslashtirishga ruxsat berildi. Shu imkoniyatni to‘liq ishga solamiz. Shuningdek, 7 ta bankimiz orqali garovsiz kredit limiti 100 million so‘mdan 200 million so‘mga oshirilishi hisobiga yil yakunigacha yana 300 nafar yangi tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, 2 mingta ish o‘rni yaratamiz.
Uchinchidan, “Miskin” va “Ibrohim ota” mahallalaridagi 305 gektarlik sanoat hududida binolarga qo‘shimcha qavatlar qurish uchun hukumat tomonidan yetarlicha resurslar, shuningdek, maqbul shartlarda sanoat ipotekasi, kredit va lizing kabi moliyaviy vositalar ajratilmoqda. Tadbirkorlar bilan bevosita ishlab, ularning taklif va muammolarini inobatga olgan holda hamkorlikda ish tashkil etamiz. Bu yerda ish o‘rinlari sonini 35 mingdan 100 mingtaga, eksport hajmini esa 600 million dollarga yetkazamiz.
Joriy yil 1 oktyabrga qadar aholi va sayyohlar uchun jozibador bo‘ladigan 2 ta yirik savdo kompleksining joylashuvi, investorlari va moliyalashtirish manbalarini aniqlab, ishlarni boshlaymiz.
To‘rtinchidan, joriy yilda tumanga jami 600 million dollar investitsiya jalb etiladi va 56 ta loyihani ishga tushirish hisobiga 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Tumanimizda ta’lim va tibbiyot muassasalari ko‘pligi, so‘nggi yillarda savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish uchun zamin yaratilganini inobatga olib, kelgusi yillarda ushbu sohalarga investitsiyalar hajmini 1 milliard dollarga yetkazamiz va 15 mingta yangi ish o‘rni yaratamiz.
Buning hisobiga nafaqat tumanimiz aholisining bandligini ta’minlaymiz, balki poytaxtdan tashqari hududlardagi fuqarolar uchun 350 ta korxonada 5 mingta ish o‘rni yaratib, tumanimizni bandlikni ta’minlash bo‘yicha donor hududga aylantiramiz.
Beshinchidan, yil yakuniga qadar sanoat ishlab chiqarishi hajmini 18,5 trillion so‘mga (o‘sish sur’ati — 120 foiz), xizmatlar hajmini esa 37,5 trillion so‘mga (o‘sish sur’ati — 130 foiz) yetkazishni ta’minlayman.
Hurmatli olmazorliklar!
“Qichqiriq” mahallasida 5,5 ming nafar aholi uchun soy bo‘yi obod qilinib, bog‘cha, amfiteatr va sayilgoh qurilgani odamlar kayfiyatini qanchalik o‘zgartirganini ko‘rdik.
Bunday maskanlar har bir mahallada yaratilishi zarurligini inobatga olib, ishlarni davom ettirish uchun keyingi yilni kutib o‘tirmaymiz!
Bu yilgi rejamiz doirasida “Sag‘bon”, “Saqichmon”, “Farobiy” va “Gulsaroy” ko‘chalarida ishlar olib borilmoqda. Ertadan boshlab “Talabalar”, “Chimboy”, “Ozod”, “Qorasaroy”, “Nurafshon” va “Oltinsoy” ko‘chalarida jami 8 kilometr uzunlikdagi turizm ko‘chalari qurilishini boshlaymiz.
Shaffoflikni ta’minlash hamda hurmatli fuqarolarimizning istak va takliflarini inobatga olgan holda, qaysi ko‘chada, qachon va qanday o‘zgarish bo‘lishi haqidagi rejalarni mahalliy Kengash muhokamasiga kiritib, aholiga ochiq e’lon qilaman. Ishlar sifatini esa siz — tumanimiz fuqarolari nazorat qilib, munosib natijani talab qilasiz!
4 yillik dastur doirasida mahallalar “Qichqiriq” namunasida to‘liq obod qilinadi. Bu ishlarni “Tepaguzar”, “Tabassum”, “G‘alaba”, “Chuqursoy” va “Gulsaroy” mahallalarida shu yilning o‘zida boshlaymiz.
“Eski shahar” hududidagi 15 ta mahallada Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish uchun Jahon bankidan 200 million dollar jalb etib, loyihani boshlaymiz.
“Dolzarb 40 kunlik” doirasida boshlangan ishlarni davom ettirib, energetika va kommunal tizimlarning qishda betalafot ishlashini ta’minlaymiz. Noqonuniy qurilishlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘riladi.
Keyingi muhim va asosiy masala: tumanimizda yirik va nufuzli universitet hamda institutlar joylashgan. “Yoshlik” talabalar shaharchasida 75 ming nafar talaba tahsil oladi!
Shuni inobatga olgan holda, “Yoshlik” talabalar shaharchasi faoliyati mutlaqo qayta tashkil etiladi. Hozirda shaharcha hokimligida “Vaziyatlar markazi” ishga tushirildi. Endilikda hokimlikka 5 ta qo‘shimcha shtat birligi ajratiladi. Mazkur xodimlar xuddi “mahalla yettiligi” kabi talabalar bandligi, tadbirkorligi va ijtimoiy masalalari bilan shug‘ullanadi.
41 ta yotoqxona uchun maxsus direksiya tashkil etilib, kitob kafelari va yashil hududlar ko‘paytiriladi.
Bosh prokuror hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tumanda jinoyatlarni fosh etish ko‘rsatkichi 52 taga oshdi, “qizil” mahallalar qolmadi, ayollar ishtirokidagi jinoyatlar soni 2 barobar kamaydi. Endi asosiy e’tiborni yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarni keskin kamaytirishga qaratib, “Olmazor xavfsizlik tajribasi”ni yaratamiz.
Germaniya va Yaponiya kabi davlatlardan 20 ta rekruting kompaniyasini jalb qilib, 500 kishiga mo‘ljallangan bepul nemis tili kurslarini ochamiz. Fransiya bilan hamkorlikda yiliga 1,5 ming nafar fuqaroni qonuniy mavsumiy ishlarga jalb etish bo‘yicha tuman tajribasi joriy etiladi.
Miskin mahallasidagi 42 gektar maydonda ilg‘or tadqiqotlar markazi, talabalar turar joylari, IT-park va texnopark, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, ta’lim hamda uy-joy obyektlarini qurishni boshlaymiz.
Yil yakunigacha 441-sonli bog‘cha tajribasi asosida “Shifokorlar”, “Umid”, “G‘alaba”, “Chig‘atoy Oqtepa”, “Beruniy” va “Qichqiriq” mahallalaridagi mavjud bog‘chalar hududida qo‘shimcha binolar qurish bo‘yicha kamida 7 ta yangi loyihani boshlaymiz.
Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida Olmazordagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari taomnomalarida taomlar kaloriyasini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yib, “Olmazor tajribasi”ni joriy etamiz.
Aziz tumandoshlar!
Yuqorida aytilgan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq ishlar va obyektlar haqida to‘liq ma’lumotlar, mas’ul ijrochilar hamda ishlarni amalga oshirish muddatlari ochiq e’lon qilinadi.
Shu bilan birga, bu ishlarni to‘g‘ri tashkil etish va, eng asosiysi, ularning natijadorligini ta’minlashda muhtaram olmazorliklar hamda tumanimiz faollarining faol ishtiroki zarur. Muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, har birimiz “Bu — mening ko‘cham, mening mahallam!” degan egalik hissi bilan yashashimiz kerak.
Sizlardan o‘z mahallangiz va ko‘changizda olib borilayotgan ishlarga befarq bo‘lmasligingizni hamda ishlarning borishi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman.
Barcha masalalar bo‘yicha tunu kun bevosita tuman hokimligiga, shuningdek, tuman hokimligining rasmiy veb-sayti va Telegram, Instagram hamda Facebook ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Shuningdek, har bir mahalladagi “mahalla yettiligi” xodimlari ham bu masalalarda sizga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatadi.
O‘z zimmamga olgan vazifalarning bajarilishi yuzasidan har oyda Xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashi yig‘ilishida hisobot beraman. Ushbu reja bo‘yicha birinchi hisobotni 1 oktyabrda taqdim etaman.
Biz sizga barcha zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib berishga, tumanimizni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishga, erishiladigan natijalarni barqaror saqlab qolishga hamda davlatimiz rahbari va xalqimiz bildirgan yuksak ishonchni amaliy natijalar bilan oqlashga va’da beramiz!
Hurmat bilan,
Tuman hokimi K. A. Tulyaganov








