OLMALIQ SHAHAR HOKIMI MELIYEV BARHAYOT BAHTIYORJONOVICHNING O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN SOHA XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI
2026-10-01 08:00:00 / Yangiliklar

Muhtaram ustozlar, aziz murabbiylar!
Avvalo, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun shahrimizning ma’rifat posbonlarini xalqimiz uchun eng aziz, eng e’zozli bayramlardan biri — 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan chin qalbimdan, samimiy muborakbod etaman!
Inson qalbiga ziyo sochuvchi, unga hayot yo‘llarini ko‘rsatuvchi, ezgulik va odamiylik sabog‘ini beruvchi ustozlik kasbi har qanday davrda ham eng sharafli va eng mas’uliyatli vazifa bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham xalqimizda “Ustoz otangdek ulug‘” degan purma’no hikmat bejiz aytilmagan. Xalqimizning buyuk ma’rifatparvar allomasi Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek:
“Dunyoda turmoq uchun dunyoviy ilm va fan lozimdur”.
Bugun mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevoriga g‘isht qo‘yilayotgan bir davrda ma’rifatli jamiyat barpo etishning asosiy tayanchi va harakatlantiruvchi kuchi – bu siz, muhtaram o‘qituvchi va murabbiylarsiz.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ta’lim sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni haqida to‘xtalib, shunday degan edilar: “Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishda biz, eng avvalo, maktabgacha va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimini, ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratamiz. Chunki, buyuk kelajakni faqat va faqat bilimli, ma’rifatli va zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan barpo eta olamiz.”
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari va doimiy e’tiborlari natijasida ta’lim tizimini rivojlantirish, pedagoglarning jamiyatdagi nufuzi va mavqeyini oshirish, ularning zahmatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Bugun jonajon Olmaliq shahrimizda ham ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi va talabalarimizning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunar hamda ilmni egallashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bugungi kunda Olmaliq shahrimizda 23 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu darmongohlarda 25 ming 475 nafar farzandlarimizga 1 464 nafar tajribali va fidoyi pedagog xodimlarimiz sidqidildan ta’lim-tarbiya berib kelmoqdalar. Yaqindagina yakunlangan 2025–2026-o‘quv yilida shahrimiz maktablari o‘quvchilari fan olimpiadalari, xalqaro tadqiqotlar, ko‘rik-tanlov va intellektual bellashuvlarda mislsiz natijalarni qo‘lga kiritdilar. Xususan:
Respublika fan olimpiadasining viloyat bosqichida 14 ta fan yo‘nalishida 156 nafar o‘quvchimiz qatnashib, 16 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va natijada Olmaliq shahar o‘quvchilari jamoaviy
1-o‘rinni egalladi! Robo-Coding olimpiadasining viloyat bosqichida 18 hamda 23-sonli maktablarimiz o‘quvchilari faxrli 1-o‘rinni egallab, Respublika bosqichida shahrimiz sharafini munosib himoya qildilar.
Dunyoning 90 dan ortiq davlatlari qatnashgan PIRLS xalqaro tadqiqotlarida respublikamizdan tanlab olingan 34 ta maktab orasida shahrimizdagi 19-sonli umumta’lim maktabining ham munosib ishtirok etgani hammamizga g‘urur bag‘ishlaydi. Ushbu maktabning 4-sinf o‘quvchilari — Djumaboyeva Kumushbibi va Xaydarov Iskandar Respublika bosqichida 1 va 2-o‘rinlarni egallashdi.
Shuningdek, 4-sinf bitiruvchilarimizdan 7 nafari Prezident maktabiga, 5 nafari Al-Xorazmiy nomidagi matematikaga ixtisoslashtirilgan maktabga, 6 nafari Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga hamda 1 nafari Al-Beruniy xalqaro maktab-internatiga o‘qishga qabul qilindilar.
Oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlarimiz ham yildan-yilga yuksalib bormoqda. O‘tgan o‘quv yilida shahrimiz umumta’lim maktablarini tamomlagan 2 535 nafar bitiruvchining 1 909 nafari, ya’ni 75,3 foizi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi. Vaholanki, bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 67 foizni tashkil etgan edi. Bitiruvchilarimizning 58 nafari esa muddatidan oldin talabalik unvoniga sazovor bo‘lishdi. 9-sinf bitiruvchilarimizning 1 100 nafari esa shahrimizdagi kasb-hunar texnikumlariga, jumladan, dual ta’limga qamrab olindi.
Bu zafarlar va yutuqlar, shubhasiz, tunni kunga ulab mehnat qilayotgan siz, aziz va fidoyi ustozlarning mehnat-ummatlarining shirin mevasidir!
Davlatimiz tomonidan o‘qituvchining mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda. Bugungi kunda shahrimizda 10 million so‘mdan ortiq maosh oladigan o‘qituvchilarimiz soni 39 nafardan oshdi.
Ayniqsa, 5-sonli maktabning davlat tili fani o‘qituvchisi Xaydarqulov To‘raqul Isroilovich “Yil o‘qituvchisi” respublika ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni egallab, 616 million so‘m pul mukofoti va “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani butun Olmaliq ahlining boshini ko‘kka yetkazdi. Shuningdek, 3-maktab o‘qituvchisi Saidkomilov Amirxon, 21-maktab o‘qituvchisi Bo‘riyeva Muborak,
20-maktab o‘qituvchisi Axmedov Shoxnur kabi ko‘plab fidoyi ustozlarimiz oylik maoshlari 15-19 million so‘mgacha yetib, o‘z bilimlari bilan munosib qadrlanmoqda.
Maktabgacha ta’lim sohasi bo‘yicha ham bolalarni qamrab olish darajasi 80 foizni tashkil etadi. Shahrimizdagi 16-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi “Jajji nurli yulduzchalar” respublika tanlovida 1-o‘rinni egalladi.
Muhtaram ustozlar, aziz mehmonlar!
Olmaliq shahri — respublikamizning eng yirik sanoat va kon-metallurgiya markazlaridan biridir. Barchamiz yaxshi anglaymizki, zamonaviy ishlab chiqarish, yuqori texnologiyalar va sanoat korxonalarining kelajagi bevosita oliy ta’lim va orta maxsus kasb-hunar muassasalarida yetishib chiqayotgan malakali kadrlarga bog‘liq. Shu sababli, shahrimizdagi oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar, ularning professor-o‘qituvchilari hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalarining mehnati biz uchun nihoyatda qadrlidir.
Bugungi kunda shahrimizda joylashgan 3 ta oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida jami 258 nafar professor-o‘qituvchi va pedagog xodimlar mehnat qilmoqda. Ularning orasida 36 nafar fan doktori (DSc), 74 nafar fan nomzodi va PhD ilmiy darajasiga ega fidoyi olimlarimiz borligini alohida e’tirof etish lozim.
Ushbu oliygohlarda bugungi kunda 6753 nafardan ortiq talabalar sanoat, metallurgiya, konchilik, energetika, mashinasozlik va boshqa hayotiy muhim sohalar bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallamoqdalar.
Shuningdek, shahrimizdagi 4 ta professional ta’lim muassasalari va texnikumlarda 202 nafar tajribali pedagog va ishlab chiqarish ta’limi ustalari faoliyat olib bormoqda. Ularning sa’y-harakati bilan 4002 nafar yoshlarimiz bugun iqtisodiyotimiz uchun zarur bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarni qunt bilan o‘rganishmoqda.
Oliy ta’lim va texnikumlardagi ustozlarimiz amaliyot va nazariyani uyg‘unlashtirgan holda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va shahrimizdagi boshqa yirik sanoat korxonalari uchun raqobatbardosh, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab berishda chinakam namuna ko‘rsatmoqdalar. Ular tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va amaliy ishlanmalar shahrimiz sanoatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutmoqda.
Shaharimizning o‘qituvchi va murabbiylari haqida gap ketganda, faqatgina ta’lim muassasalarini nazarda tutish xato bo‘ladi. “Kelajak markazi”, Musiqa va san’at maktabi, Sport va Gimnastika maktabi, nodavlat o‘quv markazlari, “Olmaliq KMK” AJ ga qarashli O‘quv markazi va “Injinerlar maktabi”, “IKNOW SCHOOL”, “Buxoro maktabi”, “Yuksalish” kabi xususiy maktablar shahrimizning kadrlar tayyorlash sohasida beqiyos o‘rin egallaydi.
Muhtaram yig‘ilish ishtirokchilari!
Olmaliqda ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash doimiy e’tiborimizda. “Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yildagi 1 va 2-mavsumlari yakunlariga ko‘ra, shahrimizdagi 10 ta maktabimiz loyihalari g‘olib deb topildi va ularga jami 7 milliard 400 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
Bu mablag‘lar evaziga maktablarimizda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilmoqda, zamonaviy elektron interaktiv doskalar va axborot texnologiyalari bilan ta’minlandi. Shuningdek, Hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan umumta’lim maktablarida ilg‘or tajribalarga muvofiq “ART” o‘quv dasturini tajriba-sinov tariqasida joriy etish uchun ham mablag‘ ajratyapmiz.
Kelgusida oldimizda ta’lim sohasi bo‘yicha quyidagi muhim va ustuvor vazifalar turibdi:
- O‘quvchi hamda talabalarning bilim va ko‘nikma darajasini yanada oshirish.
- Iqtidorli yoshlar, bo‘lajak olim va innovatorlar bilan individual ishlash tizimini kuchaytirish.
- Fan olimpiadalari, xalqaro ko‘rik-tanlovlar va ilmiy loyihalarga tayyorgarlikni tizimli tashkil etish.
- Barcha ta’lim bosqichlarida — bog‘chadan tortib oliygohgacha — pedagoglarning kasbiy mahorati va ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borish.
- Ta’lim muassasalarida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish.
- Oliy ta’lim, texnikum va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi dual ta’lim hamda amaliy integratsiyani yanada chuqurlashtirish.
- Sport maktabining “Uvaysiy” mahallasidagi filialini boks bo‘yicha tayanch maskanga aylantirish, ommaviy sportni rivojlantirish uchun yil boshidan kalendar tadbirlarni moliyalashtirish, “Prezident olimpiadasi” va “DXX kubogi” sport musobaqalarida shaharimiz yoshlarining g‘alabasi uchun sharoit yaratish.
- Musiqa va san’at maktabida arkestr faoliyatini rivojlantirish, “Maqom ansambli”ni qo’llab-quvvatlash.
- Kambag’al oila farzandlarini to’garaklarga jalb etishda xususiy o’quv markazlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va nodavlat markazlarni qo’llab-quvvatlash kabilarga alohida e’tibor qaratamiz.
Aziz va qadrli ustozlar!
Mashhur ma’rifatparvar Abdulla Avloniylar ta’kidlagan edilar:
“Tarbiyani tug‘ilgan kundan boshlamoq, fikrimizni charxlamoq, axloqimizni tuzatmoq va bilimimizni oshirmoq lozimdir.” Bugun sizlar o‘z bilimingiz va qalb qo‘ringiz bilan yangi avlodni — Yangi O‘zbekistonning ijodkorlarini, olimlarini, muhandis va kashfiyotchilarini tarbiyalamoqdasiz.
Olmaliqda erishilayotgan har bir yutuq, har bir yangi marra va zafar ortida siz, aziz ustoz va murabbiylarning zahmatli, fidoyilarcha va sharafli mehnatingiz yotibdi. Fursatdan foydalanib, shahrimizdagi barcha bog‘cha tarbiyachilari, maktab o‘qituvchilari, texnikum hamda oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini, “Kelajak markazi” va Sport maktablari, Musiqa va san’at maktabi ustozlari, “Injinerlar maktabi” murabbiylarini, o‘quv markazlari o‘qituvchilarini, bugungi shukuhli bayram bilan yana bir bor samimiy muborakbod etaman!
Sizlarga mustahkam sog‘lik-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va fayz-u baraka, mas’uliyatli hamda sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar va yangi-yangi muvaffaqiyatlar tilayman!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz va muhtaram ustozlar!
