Olmaliqning investitsiyaviy imkoniyatlari Xitoyda namoyish etildi
2026-09-16 18:20:00 / Yangiliklar

Olmaliq shahar hokimi Barhayot Meliyev ayni damda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi. Amaliy tashrif davomida xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, shaharda yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muhim natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, delegatsiya vakillari Xitoyning “STRATEGY HG NAVI CAPITAL PTE.LTD.” kompaniyasi faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarish jarayonlari va zamonaviy texnologiyalarni o‘rganishdi. Kompaniya bilan hamkorlikda dastlabki qiymati 34,5 mln AQSH dollari bo‘lgan yangi metall materiallar, yuqori samarali shisha materiallar, muhandislik plastmassalari hamda sanitariya-texnik mahsulotlar ishlab chiqarish loyihasini Olmaliq shahrida amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalari kelishib olindi. Loyiha natijasida 150 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Shuningdek, Xitoy fuqarosi LI XIANGQIANG bilan dastlabki qiymati 2 mln AQSH dollari bo‘lgan plastikdan maishiy jihozlar ishlab chiqarish loyihasini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik rejalari belgilab olindi. Mazkur loyiha doirasida 20 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tashrif doirasida Olmaliq shahri va Xitoy Xalq Respublikasining Yuxang shahri o‘rtasida birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida ikki shahar o‘rtasida investisiya, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan hamda istiqbolda rejalashtirilayotgan loyihalarni samarali tashkil etish, ularni qo‘llab-quvvatlash va hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.




