Hamkorlikning yangi ufqlari
2026-06-16 17:25:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda poytaxtimizda dunyoning turli mamlakatlaridan investorlar, yirik biznes vakillari va xalqaro moliya institutlarini bir maydonga jamlagan nufuzli Toshkent xalqaro investisiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekistonning investisiyaviy salohiyatini keng namoyish etish, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish va yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun muhim platforma bo‘lgan ushbu anjumanda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida tuman va shaharlar hokimlari ham faol ishtirok etmoqdalar.
Toshkent viloyati hokimi ko‘rgazma pavilonlarini ko‘zdan kechirib, 15 ga yaqin xorijiy kompaniya va biznes doiralari vakillari bilan B2B formatida natijali uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlar davomida sanoat, qishloq xo‘jaligi, innovasion ishlab chiqarish va energiya tejamkor texnologiyalar yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan yaqindan tanishildi.
Forum doirasida Olmaliq shahar hokimi Barhayot Meliyev ham xorijlik hamkorlar bilan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish va mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish va xorijiy sarmoyalarni faol jalb etishda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tayotgan nufuzli Toshkent xalqaro investisiya forumi joriy yilning 18-iyuniga qadar o‘z ishini davom ettiradi.

