Korrupsiyaga qarshi kurashish — jamiyat taraqqiyoti garovi
2026-03-14 16:00:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Korrupsiya nafaqat iqtisodiy taraqqiyotga, balki jamiyatda adolat va ishonch muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, har bir davlat idorasi, ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu illatga qarshi qat’iy va murosasiz kurash olib borishi zarur.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muhim huquqiy asoslar yaratilgan. Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ushbu sohada davlat siyosatini amalga oshiruvchi maxsus organ — O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyat yuritmoqda.
Ichki ishlar organlari ham korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, xodimlar o‘rtasida xizmat intizomini mustahkamlash, aholi bilan muloqotni kuchaytirish, murojaatlarni tezkor va xolisona ko‘rib chiqish kabi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, har bir xodimdan halollik, qonuniylik va mas’uliyat talab etiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati ham muhim ahamiyatga ega. Fuqarolar davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi, qonunbuzilish holatlari haqida tegishli tashkilotlarga xabar berishi orqali ushbu illatga qarshi kurashishda faol ishtirok etishi mumkin.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki butun jamiyatning vazifasidir. Har bir fuqaro qonunga hurmat bilan qarab, halol mehnat qilish orqali yurtimizda adolat va qonuniylikni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shishi zarur.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, davlat va jamiyat hayotida shaffoflikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish — barchamizning umumiy vazifamizdir.
N. Davlatov,
Olmaliq shahar IIB boshlig‘i v.v.b
