Ayol e’zozlangan yurtda baraka bor!
2026-03-05 17:00:00 / Yangiliklar

Ayol — hayot gultoji, xonadonlarimiz farishtasidir. Dunyodagi eng go‘zal tuyg‘ular, ezgu niyatlar, avvalo, mo‘tabar onalarimiz va munis opa-singillarimiz nomi bilan bog‘lanadi.
Bugun Olmaliq shahridagi "Metallurg" madaniyat saroyida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbir aynan ana shunday yuksak ehtirom ruhida o‘tdi.
Tadbirda shahar hokimi Qobil Xamdamov so‘zga chiqib, barcha xotin-qizlarni bahor ayyomi bilan muborakbod etdi hamda bugun shahrimiz aholisining qariyb 53 foizini xotin-qizlar tashkil etishini alohida ta’kidladi. Quvonarlisi, fidokor ayollarimizning ulushi tibbiyotda 94 %, ta’limda 82 %, iqtisodiyot va sanoatda esa 44 % ni tashkil etmoqda. Shuningdek, 200 nafardan ortiq rahbar ayollar, 14 nafar fan doktori va 18 nafar fan nomzodlari ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.
Tadbirda jamiyat hayotida faol va tashabbuskor bo‘lgan, o‘z sohasi rivoji yo‘lida namuna ko‘rsatayotgan bir guruh xotin-qizlar faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Bayram tantanasi kuy-qo‘shiqlar va jozibali raqs dastalari bilan yanada fayzli o‘tdi. Sahna ko‘rinishlarida ona siymosi, bahor go‘zalligi va ayol nafosati tarannum etilib, iste’dodli san’atkorlarning chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas lahzalarni tuhfa etdi. Sho‘x kuy va raqslar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishlab, bayram zavqini yanada oshirdi.









