DIQQAT! XALQARO TURIZM YARMARKASIGA TAKLIF ETAMIZ!
2026-11-20 17:00:00 / E'lonlar

2026-yil 25–27-noyabr kunlari Toshkent shahrida “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2026) bo‘lib o‘tadi.
Yarmarka doirasida Birinchi turizm investitsiya forumi hamda BMT Turizm tashkilotining “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” rasmiy ochilish marosimi tashkil etiladi.
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng muhim turizm tadbirlaridan biri hisoblanadi. Mazkur xalqaro maydon davlat tashkilotlari, biznes vakillari va xalqaro hamkorlar o‘rtasida muloqot o‘rnatish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda istiqbolli loyihalarni muhokama qilish uchun keng imkoniyat yaratadi.
Joriy yilda yarmarkada Belarus Respublikasi, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Latviya, Malayziya, Maldiv orollari, Niderlandiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Tailand, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Vyetnam, Xitoy va Chexiya kabi mamlakatlardan 300 dan ortiq kompaniyaning ishtirok etishi kutilmoqda.
Barcha turizm sohasi vakillari va tadbirkorlarni xalqaro yarmarkada faol ishtirok etishga taklif etamiz!
