Ohangaron shahar prokurori Umarov Mahmud Majidullayevichning shahrimiz aholisiga MUROJAATI
2026-11-18 12:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugungi kunda jamiyatimizda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish – ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu borada har bir fuqaroning huquqiy ongi va madaniyati hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Afsuski, so‘nggi vaqtlarda ayrim shaxslar tomonidan turli jinoyat va huquqbuzarliklar, xususan, firibgarlik, o‘g‘rilik, bezorilik hamda kiberjinoyatlar sodir etilmoqda.
Ayniqsa, internet tarmoqlari orqali amalga oshirilayotgan aldovlar ko‘payib, fuqarolarning mol-mulki va ishonchiga jiddiy zarar yetkazilmoqda.
Shu munosabat bilan barchangizni quyidagilarga qat’iy rioya etishga chaqiraman:
— Har qanday qonunbuzarlik holatlariga befarq bo‘lmang, jamiyatda sodir bo‘layotgan noqonuniy harakatlarga murosasiz munosabatda bo‘ling;
— Shaxsiy ma’lumotlaringizni, bank karta rekvizitlari, parol va tasdiq kodlarini hech kimga bermang;
— Noma’lum raqamlar, shubhali qo‘ng‘iroqlar va internet orqali kelayotgan takliflarga ishonmang;
— Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida farzandlaringiz nazoratini kuchaytiring;
— Har qanday shubhali vaziyatda zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling.
Qonunbuzarlik va jinoyat sodir etgan har qanday shaxsga nisbatan qonun doirasida muqarrar javobgarlik choralari qo‘llaniladi.
Hech kim jazodan chetda qolmaydi. Jinoyatga qo‘l urgan shaxs nafaqat o‘z taqdiriga, balki oilasi va yaqinlarining kelajagiga ham jiddiy putur yetkazishini unutmasligi lozim.
Shuningdek, ayrim fuqarolarning yengil daromad ilinjida turli noqonuniy yo‘llarga kirib ketishi aslo oqlanmaydi.
Halol mehnat va qonuniy faoliyat – barqaror va munosib hayotning yagona kafolatidir.
Aziz yurtdoshlar!
Sizni yana bir bor ogohlikka, hushyorlikka va qonunlarga hurmat ruhida yashashga chaqiraman. Huquqiy savodxonlikni oshirish, jinoyatchilikka qarshi kurashda faol bo‘lish – har birimizning fuqarolik burchimizdir.
Faqat birgalikda harakat qilsakkina, jamiyatimizda tinchlik, xavfsizlik va adolatni ta’minlay olamiz.
