KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIK VA MAHALLALARDAGI IJTIMOIY-IQTISODIY HOLAT TANQIDIY TAHLIL QILINDI
2026-11-11 10:30:00 / Yangiliklar

Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov rahbarligida shaharda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy holat yuzasidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda hokim o‘rinbosarlari va hokimlik apparati xodimlari, mahalla beshligi vakillari, shuningdek, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mahallalar kesimida tahlil qilindi.
Shuningdek, sanoat yo‘nalishida o‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmini kamaytirgan korxonalar faoliyatiga ham e’tibor qaratildi.
Ko‘p qavatli uylarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi yuzasidan shahar hududida jami 196 ta ko‘p qavatli uy mavjud bo‘lib, ularda 8 107 ta xonadon joylashgan. Shundan 193 tasi BSK va shirkatlar boshqaruvida, 3 tasi esa BSK tashkilotlariga a’zo emas. Tahlillar davomida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik dasturida belgilangan ishlar ayrim ko‘p qavatli uylarda to‘liq bajarilmagani, mavjud muammolarni bartaraf etish borasida kamchiliklar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Mahallalarda maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida ayrim chiqindi to‘plash shoxobchalarida chiqindilar to‘planib qolayotgani tanqid qilindi.
Kommunal xizmatlar bo‘yicha debitor qarzdorlikning 62 foizi 5 ta mahalla hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, elektr ta’minotidagi uzilishlar, kuchlanishning pastligi va elektr tarmoqlari obyektlarini ta’mirlash bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilindi.
Ichki yo‘llarning holati jami 124,6 kilometr ichki yo‘lning 17,1 kilometri, ya’ni 13,7 foizi ta’mirtalab holatda. Ayrim mahallalarda bu ko‘rsatkich shahar o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki baravargacha yuqori ekani qayd etildi.
Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumini samarali tashkil etish, mahallalarda daraxt ko‘chatlarini ekish va yashil hududlarni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish, mavjud kamchiliklar bo‘yicha mas’ullar faoliyatini kuchaytirish hamda har bir yo‘nalishdagi ishlar ijrosini qat’iy nazoratga olish zarurligi ta’kidlandi.





