Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimovning Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga bayram tabrigimunosabati bilan Ohangaron shahri aholisiga tabrigi
2026-11-08 08:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli shifokorlar, hamshiralar, tibbiyot sohasi vakillari va faxriylari!
Sizlarni kasb bayramingiz — Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Shifokorlik — shunchaki kasb emas, balki inson hayoti va salomatligi uchun mas’uliyatni zimmasiga olish, o‘zgalar dardiga malham bo‘lish, bemor qalbiga umid va ishonch bag‘ishlashdek ulug‘ vazifadir.
Sizlar kechayu kunduz, turli sinov va mashaqqatlarga qaramay, inson hayotini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilasiz. Ba’zan o‘z yaqinlaringizdan uzoqda bo‘lib, o‘zgalarning dardiga darmon bo‘lasiz. Sizlarning kasbga sadoqatingiz, mehr-muruvvatingiz va insonparvarligingiz tahsinga loyiq.
Bugungi kunda Ohangaron shahrida ham aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifati va qamrovini oshirish, kasalliklarning oldini olish, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda, albatta, sizlarning bilim va tajribangiz, tashabbuskorligingiz hamda fidoyiligingiz muhim o‘rin tutadi.
Fursatdan foydalanib, shahrimizdagi barcha tibbiyot muassasalari rahbarlari, shifokorlar, hamshiralar, tez tibbiy yordam xodimlari, farmatsevtlar, kichik tibbiy va texnik xodimlar hamda soha faxriylariga xalqimiz salomatligi yo‘lidagi sharafli mehnatingiz uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.
Zero, shifokor uchun eng katta mukofot — sog‘aygan bemorning quvonchi, uning oilasi shukronasi va xalqning samimiy duosidir.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Barchangizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Doimo el-yurt ardog‘ida, xalqimiz duosida bo‘ling!
Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz tibbiyot xodimlari!
Hurmat bilan,
Ohangaron shahar hokimi
Sadriddin Shoqosimov
