ISHSIZ YOSHLAR BANDLIGINI TA’MINLASH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
2026-10-28 13:00:00 / Yangiliklar

Shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov ishtirokida ishsiz va bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Andijon viloyati tajribasi asosida yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi muhokama qilindi.
Shahar bo‘yicha 343 nafar ishsiz va bitiruvchi yosh 18 ta korxona va tashkilot rahbarlari hamda hokim o‘rinbosarlariga biriktirilgan. Bugungi kunga qadar ularning 154 nafari bandligi ta’minlandi.
Jumladan, 62 nafar yosh rasmiy sektorda ishga joylashtirildi, 10 nafari o‘zini o‘zi band qildi, 1 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat boshladi. Shuningdek, 73 nafari oliy ta’lim muassasalariga, 1 nafari magistraturaga o‘qishga kirdi, 7 nafari esa kasb-hunarga yo‘naltirildi.
Yig‘ilish davomida biriktirilgan rahbarlarning ish natijalari tanqidiy ko‘rib chiqilib, mahallalardagi hokim yordamchilari, soliq xodimlari va yoshlar yetakchilariga ishsiz hamda bitiruvchi yoshlar bilan manzilli ishlash, ularni ishga joylashtirish va kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, yoshlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan belgilangan tartibda axborot taqdim etish hamda topshiriqlar ijrosini qat’iy nazoratga olish vazifasi topshirildi.




