Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimovning "Ichki ishlar organlari xodimlari kuni" munosabati bilan bayram tabrigi
2026-10-24 09:30:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli ichki ishlar organlari xodimlari va soha faxriylari!
Avvalo, barchangizni 25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Bugun mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan, o‘z hayotini xalq osoyishtaligiga bag‘ishlagan mard va jasur insonlarni e’zozlash kunidir.
Ichki ishlar organlarida xizmat qilish — bu shunchaki kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, mustahkam iroda, Vatanga sadoqat va xalq oldidagi sharafli burchdir. Zimmangizdagi vazifalarni ado etishda tun-u kun xizmatda bo‘lish, turli murakkab vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, insonlar xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash katta matonat va fidoyilikni talab etadi.
Bugungi kunda shahrimizda ham tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni qaror toptirish, mahallalarda xavfsiz va osoyishta hayotni ta’minlash borasida ichki ishlar organlari xodimlarining hissasi beqiyosdir.
Ayniqsa, fuqarolar bilan yaqindan ishlash, ularning muammolariga befarq bo‘lmaslik, har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini chuqur his etish bugungi kun xodimidan yuksak kasbiy mahorat bilan birga, mehr-oqibat, adolat va halollikni ham talab etadi.
Shu o‘rinda, o‘z xizmat burchini sidqidildan ado etib, shaharimizda jamoat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan barcha ichki ishlar organlari xodimlariga, shuningdek, ko‘p yillik tajribasi va hayotiy saboqlari bilan yosh avlodga o‘rnak bo‘lib kelayotgan soha faxriylariga alohida minnatdorlik bildiraman.
Fursatdan foydalanib, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning yorqin xotirasi oldida bosh egamiz. Ularning jasorati va fidoyiligi hamisha qalbimizda yashaydi.
Ishonchim komilki, sizlar bundan buyon ham Vatanimizga sadoqat, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda, xalqimizning ishonchini oqlash, shahrimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash yo‘lida bor kuch va salohiyatingizni safarbar etasiz.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayz-u baraka, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Oilangiz bag‘riga doimo sog‘-omon qaytishingizni, el-yurt hurmati va e’tirofi sizga hamisha hamroh bo‘lishini tilab qolaman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ichki ishlar organlari xodimlari!
Sadriddin Shoqosimov,
Ohangaron shahar hokimi
