Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va muhim masalalar muhokama qilindi
2026-10-22 14:00:00 / Yangiliklar

Shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov rahbarligida korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda hokimlik apparati xodimlari ishtirokida navbatdagi "Hokimlik soati" yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda hududlarni kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash hamda shahar hayotidagi dolzarb vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish kun tartibida bozorlar va savdo majmualarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ko‘rib chiqilib, anqlangan kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, ko‘p qavatli uylarni mavsumga tayyorlash, boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) faoliyatini va ularning tayyorgarlik darajasini takomillashtirish hamda aholiga uzluksiz xizmat ko‘rsatish choralarini ko‘rish belgilandi.
Shuningdek, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalari kabi ijtimoiy soha obyektlarining mavsumda to‘liq va barqaror ishlashini ta’minlash, ularning shayligini doimiy nazoratda tutish zarurligi ta’kidlandi.
"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarini tizimli tashkil etish hamda ajratilgan hududlarni ekish mavsumiga puxta tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, mahallalarda biznesni ro‘yxatga olish va yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish borasidagi ishlarning borishini qat’iy nazoratga olish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha mas’ul rahbarlar ogohlantirilib, ularning ijrosi qat'iy nazoratga olindi.




