Ohangaron shahrida mahalla va texnikum hamkorligi yangi bosqichda
2026-10-19 17:15:00 / Yangiliklar

Bugun O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Ohangaron shahar bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Rozimbetov Ohangaron shahar texnikumida bo‘lib, ta'lim muassasa rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda “texnikum — mahalla — ota-ona” tamoyili asosida ishlarni tashkil etish, alohida e’tibor va ko‘makka muhtoj yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqib, foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, erta nikoh holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, yoshlarning kelajakdagi hayotiga mas’uliyat bilan yondashishini ta’minlash hamda ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyatini oshirish yuzasidan fikr almashildi. Bu borada o‘quvchi-yigitlar va qizlar bilan alohida manzilli ishlarni yo‘lga qo‘yish, tushuntirish-targ‘ibot tadbirlarini samarali tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida texnikum, mahalla va ota-onalar hamkorligini kuchaytirish, yoshlarning muammolarini barvaqt aniqlash va ularni hal etish, har bir yoshning ta’lim-tarbiyasi hamda kelajagiga mas’uliyat bilan yondashish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

