DEPUTAT SO‘ROVI YUBORILDI
2026-10-07 10:00:00 / Yangiliklar

Xalq deputatlari Ohangaron shahar Kengashi deputati F. Mashkurova tomonidan Ohangaron shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik M. Darxanovga deputat so‘rovi yuborildi.
Deputat so‘rovida shaharda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholi va ijtimoiy obyektlar xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, mahallalar, ko‘p qavatli turar joylar, maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, tibbiyot muassasalari hamda boshqa ijtimoiy obyektlarda yong‘in xavfsizligi holati, aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot so‘raldi.
Shuningdek, yong‘in-qutqaruv texnikalari va maxsus vositalarining doimiy shay holatda saqlanishi, shaharda yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlash hamda aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha profilaktik va tushuntirish ishlarining samaradorligi masalalari ham so‘rovga kiritildi.
Alohida e’tibor bozorlar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda ko‘p qavatli turar joylarga qaratildi. Mazkur hududlarga yong‘in-qutqaruv maxsus texnikalarining erkin kirib borishi uchun zarur kirish yo‘llari mavjudligi, ularning holati va doimiy ochiq saqlanishi yuzasidan ma’lumot so‘raldi.
Jumladan, maxsus texnikalarning harakatlanishiga to‘sqinlik qiluvchi to‘siqlar, avtomobillarning tartibsiz joylashtirilishi, tor yo‘laklar va boshqa muammoli holatlar mavjud yoki mavjud emasligi ham o‘rganilishi belgilandi.
Deputat so‘rovi doirasida aniqlangan kamchiliklar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, mas’ul tashkilotlar va belgilangan muddatlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etilishi so‘raldi.
Aholining hayoti va xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda mavjud muammolarga o‘z vaqtida yechim topish deputatlik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
