Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimovning 26-sentabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan tabrigi
2026-09-26 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari hamda muhtaram faxriylar!
Sizlarni 26-sentabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan shahar hokimligi va shaxsan o‘z nomimdan samimiy muborakbod etaman.
Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlik – har bir oila va jamiyatimizning eng buyuk boyligidir. Uning zamirida esa Vatanimiz sarhadlari daxlsizligi, davlatimiz manfaatlarining munosib himoyalanishi hamda konstitutsiyaviy tuzumimiz xavfsizligini tunu kun mardonavor ta’minlab kelayotgan DXX xodimlarining mashaqqatli va sharafli mehnati yotadi.
Bugungi murakkab davrda turli xavf-xatarlarga qarshi munosib zarba berish, el-yurt osoyishtaligini ko‘z qorachig‘idek asrash har bir soha vakilidan yuksak fidoyilik, harbiy intizom va kasbiy mahoratni talab etadi. Chegara qo‘shinlari tomonidan davlat sarhadlarining mustahkam qo‘riqlanishi va hududiy xavfsizlikning ta’minlanishi xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Fursatdan foydalanib, Ohangaron shahrimizda ham tinchlik-osoyishtalikni saqlash, huquq-tartibotni mustahkamlash va aholi xavfsizligini ta’minlash borasida samarali hamkorlik qilib kelayotganingiz uchun minnatdorlik bildiraman.
Sizlarga va oila a’zolaringizga mustahkam sog‘liq, oilaviy totuvlik va farovonlik, El-yurtimiz tinchligi yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli xizmatingizda ulkan zafarlar tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Ohangaron shahar hokimi
Sadriddin Shoqosimov
