Rasmiy munosabat
2026-09-15 15:00:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron shahar dehqon bozorida go‘sht mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor va bozor ma’muriyati o‘rtasidagi holat aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron shahar dehqon bozori ma’muriyati quyidagilarni ma’lum qiladi.
Videoda aks etgan fuqaro tomonidan avval foydalanib kelingan savdo joyida sanitariya-gigiyena talablari va bozorning belgilangan savdo qoidalariga to‘liq rioya qilinmagani bo‘yicha bir necha marotaba holatlar aniqlangan. Jumladan, bundan 10 kun avval o‘tkazilgan o‘rganish davomida go‘sht mahsulotlarini belgilangan talablar va sanitariya sharoitlariga javob bermaydigan holatda sotish holati aniqlangan.
Shuningdek, mazkur fuqaroning bozor oldidagi qarzdorligi 170 million so‘mga yetgan. Shunga qaramay, mavjud qarzdorlikni bartaraf etmasdan, bozor hududidan qo‘shimcha savdo joyi ajratishni so‘ragan.
Fuqaro tomonidan savdo faoliyatini belgilangan talablar asosida tashkil etmaslik holatlari bo‘yicha avval ham tegishli tartibda choralar ko‘rilgan va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Bozor ma’muriyati savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi barcha tadbirkorlardan sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya qilish, iste’molchilarga sifatli va xavfsiz mahsulotlar sotish hamda bozor oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishni talab qiladi.
Mazkur holat bozor ma’muriyati tomonidan amaldagi tartib va qonunchilik talablari asosida o‘rganilmoqda.
