Rasmiy munosabat
2026-09-04 14:20:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Sergeli-7 mavzesida ko‘chada yordamga muhtoj, holsiz ahvolda yotgan ayol va uning yonida uch nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan holat aks etgan materiallar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Ohangaron shahar mas’ullari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida ushbu fuqaro Ohangaron shahar “Birlik” MFY, Sharq ko‘chasi, 46-uyda yashovchi A. Sviridova ekanligi aniqlandi.
“Birlik” MFY ijtimoiy xodimlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, A. Sviridovaning oilaviy va yashash sharoiti o‘rganilganda, u 2016-yildan buyon S. Siglevkin bilan birga yashab kelayotgani hamda ushbu oilada 5 nafar voyaga yetmagan farzand tarbiyalanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, fuqaro farzandlari bilan birgalikda bir necha marotaba Toshkent shahri, Sergeli tumanida maqsadsiz yurgan holatda aniqlangan. 2026-yil 25-iyun kuni “Birlik” MFY xodimlari tomonidan A. Sviridova farzandlari bilan birgalikda Ohangaron shahridagi yashash xonadoniga qaytarilgan.
Hozirda fuqaro va uning farzandlari bilan ishlash maqsadida mahalla ijtimoiy xodimi tomonidan tegishli ijtimoiy keys ochilgan. Oilaning ijtimoiy holatini yaxshilash, hayoti va sog‘lig‘iga xavf mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan bolalarni himoya qilish, oiladagi nizolarning, jumladan, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha huquqiy va psixologik xizmatlar ko‘rsatish belgilangan. Shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasi xarajatlari bo‘yicha kompensatsiya olish masalasida ham amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Fuqaroning turmush o‘rtog‘i S. Siglevkin bilan suhbat o‘tkazilib, farzandlarini o‘z qaramog‘iga olib, ularning tarbiyasi va ta’minoti bilan shug‘ullanishini bildirgan.
A. Sviridovaning salomatligi bilan bog‘liq holatni inobatga olib, uni Angren shahridagi tegishli tibbiy muassasaga joylashtirish va zarur tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
