MUAMMOLAR, VAZIFALAR VA IJRO: SHAHAR HOKIMI TANQIDIY YIG‘ILISH O‘TKAZDI
2026-09-02 19:55:00 / Yangiliklar

Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov rahbarligida shaharda ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda ijro intizomi holatiga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda shahar hokim o‘rinbosarlari, hokimlik apparati xodimlari, shahardagi barcha tashkilotlar rahbarlari, MFY yettiligi, Xalq qabulxonasi hamda BSK rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda shahardagi mavjud holat va muammolar 5 ta muhim yo‘nalish kesimida muhokama qilindi.
Jumladan:
- III chorak budjet tushumlarini undirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini ta’minlash masalalari;
- Kambag‘allikdan chiqarish va aholini doimiy ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, har bir oilaning daromadini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar;
- Otalikka olingan yoshlar hamda maktabni tamomlab, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan yoshlarni ish bilan ta’minlash holati;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1 va PQ-2-sonli qarorlari ijrosi doirasida III chorak uchun belgilangan rejalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi hamda Xalq qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlash, ularning ijrosini ta’minlash va fuqarolar muammolarini amaliy hal etish masalalari.
Yig‘ilish davomida har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilinib, belgilangan topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi va ijro muddatlari belgilandi.
Shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, belgilangan ko‘rsatkichlarni so‘zsiz bajarish, ayniqsa, aholini doimiy ish bilan ta’minlash va murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarni joyida hal etish bo‘yicha mas’ullardan qat’iy natija talab qildi.
Shuningdek, har bir rahbarning o‘ziga biriktirilgan hudud va yo‘nalish bo‘yicha shaxsiy mas’uliyatini oshirish, topshiriqlar ijrosini qog‘ozda emas, amalda ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.






