OHANGARON SHAHRIDA YANA BIR ZAMONAVIY MAKTAB FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
2026-09-02 10:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Ohangaron shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabining rekonstruksiya qilingan va yangidan barpo etilgan o‘quv binolari foydalanishga topshirildi.
Yangilangan maktabning ochilish marosimi 2-sentyabr — 2026/2027-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan “Bilimlar bayrami” tadbiri doirasida bo‘lib o‘tdi.
Unda Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov, shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Darxanov, maktab jamoasi, o‘quvchilar, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda shahar hokimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘quvchilar, ustoz va murabbiylarga yo‘llangan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Shahar hokimi o‘z so‘zida barcha o‘qituvchi va o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etib, ta’lim yo‘lida ularga muvaffaqiyatlar tiladi.
Ma’lumot o‘rnida, 3-sonli umumta’lim maktabi 860 o‘rinli bo‘lib, yangi o‘quv yili arafasida ta’lim muassasasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Maktab hududida qo‘shimcha 480 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi ham barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Yangi binoning ochilish marosimida shahar hokimi tomonidan ramziy lenta kesilib, zamonaviy ta’lim maskani o‘quvchilar uchun ochib berildi.
Qurilish va rekonstruksiya ishlarini sifatli amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shgan quruvchi tashkilot rahbariga shahar hokimi tomonidan milliy to‘n kiydirilib, tashakkorlik bildirildi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilida maktab ostonasidan ilk bor qadam qo‘ygan o‘quvchilarga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Maktabdagi yangi sinfxonalar va yaratilgan sharoitlar bilan tanishish davomida o‘quvchilarning yuzidagi quvonch, ustozlarning mamnunligi ushbu bunyodkorlik ishlarining naqadar muhim ekanini namoyon etdi.
Yaratilgan zamonaviy sharoitlar o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi, bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
Ma’lumot o‘rnida: 2026/2027-o‘quv yilida Ohangaron shahrida jami 918 nafar bola 1-sinfga qabul qilinib, ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘ymoqda.




