Ohangaron shahar IIB boshlig‘i S.K. Kamilxanovning voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularni turli yot g‘oyalar hamda zararli illatlar ta’siridan asrash yuzasidan aholiga murojaati
2026-07-31 14:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli Ohangaron shahri aholisi!
Aziz ota-onalar, ustozlar, mahalla faollari va yoshlar!
“Yoshlar – mamlakatimiz kelajagi, xalqimizning eng katta boyligi. Ularga yaratilayotgan har bir imkoniyat – Yangi O‘zbekiston kelajagiga qo‘yilayotgan eng muhim sarmoyadir.”
Bu fikrlar mamlakatimiz Prezidenti tomonidan yosh avlodga qaratilayotgan yuksak e’tibor va ishonchning yorqin ifodasidir. Bugungi kunda yoshlarni bilimli, vatanparvar, yuksak ma’naviyatli, qonunga hurmat ruhida tarbiyalash nafaqat davlat idoralari, balki har bir oila, har bir mahalla va butun jamiyatning muqaddas burchidir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bugun axborot texnologiyalari tez rivojlanayotgan bir davrda yoshlar nafaqat ko‘chada, balki internet tarmog‘ida ham turli xavf-xatarlarga duch kelmoqda. Turli yot g‘oyalar, diniy ekstremizm va terrorizmni targ‘ib qiluvchi manbalar, giyohvandlik va psixotrop moddalar savdosi, internet firibgarligi, qimor va tavakkalchilik o‘yinlari, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi kontent, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi soxta chaqiriqlar yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bois Ohangaron shahar Ichki ishlar bo‘limi tomonidan voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar hamda jinoyatchilikning oldini olish, ularni yot g‘oyalar ta’siridan muhofaza qilish, huquqiy madaniyatini oshirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida keng ko‘lamli profilaktik ishlar muntazam amalga oshirilmoqda.
Aziz ota-onalar!
Farzandingizning tarbiyasiga, uning do‘stlari, qiziqishlari va internetdan foydalanish madaniyatiga doimiy e’tibor bering. Uning bo‘sh vaqtini sport, kitobxonlik, chet tillarini o‘rganish, kasb-hunar va ijodiy to‘garaklar bilan mazmunli tashkil etishga ko‘maklashing.
Hech qachon farzandingizni nazoratsiz qoldirmang. Chunki bir lahzalik befarqlik kelajakka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Aziz yoshlar!
Sizlar mamlakatimizning eng katta boyligi va kelajagisiz. Hayotdagi haqiqiy muvaffaqiyat oson daromad, shubhali takliflar yoki yolg‘on va’dalarda emas, balki bilim, mehnat, intilish va halollikdadir.
Internetda tarqatilayotgan yolg‘on xabarlar, shubhali Telegram guruhlari, noqonuniy pul topish takliflari, diniy mutaassiblikni targ‘ib qiluvchi materiallar, giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq har qanday chaqiriqlardan qat’iy yiroq bo‘ling.
Esda tuting, qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmaydi. Har bir ongli yosh o‘z kelajagini to‘g‘ri tanlov bilan barpo etadi.
Muhtaram mahalla faollari, nuroniylar va ustozlar!
Yoshlarning tarbiyasida sizlarning o‘rningiz beqiyos. Ular bilan doimiy muloqotda bo‘lish, muammolarini eshitish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash jinoyatchilikning oldini olishda eng samarali omillardan biridir.
Ohangaron shahar IIB tomonidan mahallalarda profilaktik uchrashuvlar, huquqiy targ‘ibot tadbirlari, ta’lim muassasalarida ochiq muloqotlar, sport musobaqalari, "mahallabay", "xonadonbay" va "yoshlarbay" ishlash tizimi asosida manzilli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Agar siz voyaga yetmaganlar ishtirokidagi huquqbuzarlik, bulling, tazyiq, giyohvandlik, yot g‘oyalarni targ‘ib qilish, internet orqali firibgarlik yoki boshqa xavfli holatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, bu haqda zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar bering. Birgalikdagi hamkorligimiz orqali ko‘plab noxush holatlarning oldini olishimiz mumkin.
Qadrli shahardoshlar!
Farzandlarimiz taqdiriga befarq bo‘lmaylik. Ularning har biri bilimli, sog‘lom, ma’naviyatli va Vatanga sadoqatli inson bo‘lib kamol topishi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz.
Keling, oila – mahalla – maktab – ichki ishlar organlari hamkorligini yanada mustahkamlab, yoshlarimizni jinoyatchilik, yot g‘oyalar va zararli illatlardan asraylik. Zero, yoshlarni asrash – mamlakat kelajagini asrash demakdir.
Hurmat bilan,
Ohangaron shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i
S.Kamilxanov
