Shahar hokimi ta'lim muassasalarida o‘rganish ishlarini davom ettirdi
2026-08-04 14:25:00 / Yangiliklar

Shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov tomonidan shahrimizdagi maktabgacha va maktab ta'limi muassasalarini yangi o‘quv yiliga hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bayramiga tayyorlash yuzasidan o‘rganish ishlari davom ettirildi.
O‘rganish davomida 1-sonli, 4-sonli va 5-sonli umumta'lim maktablari, shuningdek, 6-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, ta'mirlash hamda sanitariya holati ko‘zdan kechirildi.
Xususan, ta'lim muassasalari hududidagi obodonlashtirish ishlari, hududlarni tartibga keltirish, transformator punktlarini xavfsizlik talablariga muvofiq o‘rab olish masalalari o‘rganildi.
Shuningdek, 6-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishilib, muassasani uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan kanalizatsiya tizimidagi mavjud muammo joyida o‘rganildi. Mazkur masalani bartaraf etish bo‘yicha takliflar muhokama qilinib, mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
O‘rganish yakunida shahar hokimi tomonidan barcha ta'lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga puxta tayyorlash, sanitariya va obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish hamda ta'lim maskanlarida xavfsiz va qulay muhit yaratish yuzasidan mas'ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.



