Rasmiy munosabat
2026-07-31 10:00:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron shahridagi mahallalardan birida voyaga yetmaganlar go‘yoki majburiy mehnatga jalb etilgani haqidagi xabar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.
Avvalo, xabarda keltirilgan ayrim ma'lumotlar haqiqatga mos kelmaydi. Jumladan, Ohangaron shahrida "Bobur" mahallasi mavjud emas. Tasvirlarda aks etgan hudud esa tayanch mahalla sifatida belgilangan "Namuna" mahallasi hisoblanadi.
Ma'lumki, 2026-yil 16-iyul kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash maqsadida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat" oyligi e'lon qilingan hamda mahallalarda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlarini tashkil etish vazifasi belgilangan.
Shu asosda Ohangaron shahrining tayanch "Namuna" mahallasida ham obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Mahalla yettiligi a'zolari va mas'ul tashkilot vakillari aholi o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish ishlarini amalga oshirmoqda.
Tasvirlarda aks etgan yoshlar esa mahalla yoshlar yetakchilari tashabbusi bilan ixtiyoriy ravishda obodonlashtirish ishlarida qatnashayotgan volontyorlar bo‘lib, ularni majburiy mehnatga jalb etish holati kuzatilmagan.
Shu o‘rinda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan axborotni e'lon qilishdan avval uning haqqoniyligi va aniqligini tekshirishni, fuqarolarni chalg‘itishi mumkin bo‘lgan asossiz xulosalarni tarqatmaslikni so‘raymiz.
Ohangaron shahar hokimligi jamoatchilikni qiziqtirgan masalalar yuzasidan doimo ochiq va ishonchli axborot taqdim etib boradi.
