Ohangaron shahar IIB boshlig'i Saidxon Kamilxanovning shahar aholisiga murojaati
2026-07-28 13:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli Ohangaron shahri ahli!
Bugungi kunda axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir vaqtda kiberjinoyatlar ham tobora yangi usullarda sodir etilmoqda. Firibgarlar fuqarolarning ishonuvchanligi va e’tiborsizligidan foydalanib, bank kartalaridagi mablag‘larni talon-toroj qilishga urinmoqda.
Shu munosabat bilan barcha yurtdoshlarimizni ogohlikka chaqirib, quyidagi holatlarga alohida e’tibor qaratishlarini so‘rayman.
Plastik karta ma’lumotlarini hech kimga bermang! Bank xodimi, huquqni muhofaza qiluvchi organ vakili yoki boshqa tashkilot nomidan qo‘ng‘iroq qilgan shaxslarga karta raqami, amal qilish muddati, CVV-kod, SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlari hamda bir martalik parollarni hech qachon aytmang. Haqiqiy bank xodimlari bunday ma’lumotlarni talab qilmaydi.
APK fayllarini yuklab olmang!
Firibgarlar Telegram, WhatsApp yoki SMS orqali «ilova o‘rnating», «hujjatni oching», «yangi xizmatdan foydalaning» degan bahonada APK fayllarini yuborishmoqda. Ushbu fayl o‘rnatilgan zahoti telefondagi SMS-xabarlar, bank ilovalari va shaxsiy ma’lumotlarga noqonuniy kirish imkoni paydo bo‘lishi mumkin.
Faqat rasmiy dasturlar do‘koni orqali ilovalarni yuklab oling.
«Siz yutib chiqdingiz!» degan xabarlarga ishonmang!
Avtomobil, telefon, pul mukofoti yoki boshqa qimmatbaho sovg‘alar yutganingizni aytib, avval ma’lum bir to‘lovni amalga oshirishni yoki karta ma’lumotlarini kiritishni so‘rayotgan e’lonlar — firibgarlikning eng keng tarqalgan turlaridan biridir.
Esda tuting: haqiqiy tanlov tashkilotchilari mukofot olish uchun oldindan pul talab qilmaydi. «Sizga sud qarori bilan jarima belgilandi» degan havolalarni ochmang!
Ayrim firibgarlar SMS yoki messenjerlar orqali «sud qarori chiqdi», «jarima tayinlandi», «hujjat bilan tanishing» kabi xabarlar yuborib, havolaga bosishni taklif qilishmoqda. Bu havolalar zararli saytlarga yoki virusli dasturlarga olib borishi mumkin.
Rasmiy ma’lumotlarni faqat davlat idoralarining rasmiy manbalari orqali tekshiring. Telegram orqali tanishingiz pul so‘rasa, albatta tekshiring! Firibgarlar ko‘pincha fuqarolarning Telegram akkauntini buzib kirib, uning yaqinlariga «shoshilinch pul tashlab turing», «kartam ishlamayapti» kabi xabarlar yuboradilar.
Bunday vaziyatda hech qachon shoshilib pul o‘tkazmang. Avvalo o‘sha insonga shaxsan qo‘ng‘iroq qilib yoki boshqa usulda bog‘lanib, xabarning haqiqiyligini aniqlang.
Kiberxavfsizlikning oddiy qoidalari:
- SMS orqali kelgan kodlarni hech kimga bermang.
- Shubhali havolalarga bosmang.
- Telefonga noma’lum APK fayllarini o‘rnatmang.
- Barcha akkauntlarda ikki bosqichli himoya (2FA) ni yoqing.
- Parollarni muntazam yangilab turing.
- Faqat rasmiy bank va davlat ilovalaridan foydalaning.
Aziz hamshaharlar!
Kiberjinoyatchilar faqat bir martagi ehtiyotsizlikdan foydalanishadi. Sizning ogohligingiz, shaxsiy ma’lumotlarni sir saqlashingiz va shubhali xabarlarga ishonmasligingiz mol-mulkingiz hamda shaxsiy ma’lumotlaringizni himoya qilishning eng ishonchli yo‘lidir.
Agar siz yoki yaqinlaringiz kiberfiribgarlikka duch kelgan bo‘lsangiz, vaqtni boy bermasdan ichki ishlar organlariga yoki xizmat ko‘rsatuvchi bangga zudlik bilan murojaat qiling.
Ogohlik — xavfsizlikning eng muhim kafolatidir!
