30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni
2026-07-25 19:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 25-iyul kuni 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Ohangaron shahrining "Birlik" mahallasidagi sanoat hududida joylashgan "TIANRUN" MCHJ XKda "Do‘stlik" festivali bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida Ohangaron shahar hokimining o‘rinbosari Mirolim Mirkamolov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi. O‘z nutqida yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni asrab-avaylash barchamizning eng muhim vazifamiz ekanini alohida ta'kidladi.
Tadbirda Madaniyat bo‘limi san'atkorlari tomonidan milliy kuy-qo‘shiqlar, jozibador raqslar hamda badiiy chiqishlar namoyish etilib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
Shuningdek, "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!" shiori ostida tayyorlangan "Do‘stlik ohanglari" konsert dasturi namoyish etilib, bayram tadbiriga yanada fayz va shukuh bag‘ishladi.
Mazkur festival yurtimizda millatlararo totuvlik va turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.







