OHANGARON SHAHAR ICHKI ISHLAR BO‘LIMI BOSHLIG‘INING SHAHAR AHOLISIGA MUROJAATI
2026-07-11 10:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli Ohangaron shahri ahli!
Bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishi, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda joriy yilning 1-iyul kunidan 1-avgust kuniga qadar respublika bo‘ylab «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli profilaktik tadbiri amalga oshirilmoqda.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi – mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikka sabab bo‘layotgan omillarni barvaqt bartaraf etish, yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, oilaviy nizolarning oldini olish, giyohvandlik, alkogolizm, ekstremizm, terrorizm va kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashishdan iborat.
Tadbir davomida Ohangaron shahar IIB shaxsiy tarkibi Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar yetakchilari va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda shahrimizning barcha hududlarida kuchaytirilgan tartibda xizmat olib boradi.
Xususan,
- mahallalarda xonadonbay profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi,
- jinoyat sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlar doimiy nazoratga olinadi,
- tungi xizmatlar va patrullar soni ko‘paytiriladi,
- videokuzatuv kameralari imkoniyatlaridan keng foydalaniladi,
- internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik va kiberjinoyatlar bo‘yicha aholi o‘rtasida keng targ‘ibot ishlari olib boriladi,
- voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan manzilli profilaktik ishlar tashkil etiladi.
Aziz hamshaharlar!
Jamoat xavfsizligini ta’minlash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har bir fuqaroning ham mas’uliyatidir. Sizlarni shubhali shaxslar, qonunbuzilish holatlari, giyohvand moddalar savdosi, noqonuniy qurol saqlash, oilaviy zo‘ravonlik yoki kiberfiribgarlik holatlari haqida zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar berishga chaqiraman.
Hech qachon begona shaxslarga bank kartasi ma’lumotlari, SMS-kodlar yoki shaxsiy ma’lumotlaringizni bermang. Internet orqali kelayotgan har qanday shubhali taklif va havolalarga ishonmang. Farzandlaringizning internetdan foydalanishini doimiy nazorat qiling. Biz uchun eng katta yutuq – har bir mahallada tinchlik qaror topishi, har bir oila o‘zini xavfsiz his qilishi va yoshlarimizning sog‘lom muhitda kamol topishidir.
Shu munosabat bilan barcha davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, tadbirkorlar, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarni ushbu profilaktik tadbirda faol ishtirok etishga chaqiraman. Ishonchim komilki, aholi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamjihatligi, o‘zaro ishonchi va hamkorligi orqali Ohangaron shahrini yanada tinch, xavfsiz va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantiramiz.
Tinchlik va xavfsizlik – umumiy mas’uliyatimiz!
Hurmat bilan,
Ohangaron shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i
Saidxon Kamilxanov
