“Dolzarb 90 kun” doirasida o‘quvchilar tarixiy maskanlarga yo‘l oldi
2026-07-09 10:00:00 / Yangiliklar

Ohangaron shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarining yozgi ta’til davridagi bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov tomonidan shahrimizdagi 150 nafardan ortiq o‘quvchi Toshkent shahridagi muzeylar, tarixiy obidalar va diqqatga sazovor maskanlarga sayohatga kuzatildi.
Shahar hokimi yoshlar bilan samimiy suhbatlashib, ularga ushbu sayohatdan unumli foydalanish, yurtimizning boy tarixi va madaniy merosini chuqur o‘rganish, tarixiy obidalar va muzeylarda saqlanayotgan bebaho eksponatlar bilan yaqindan tanishish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Shuningdek, o‘quvchilarga mazmunli hordiq chiqarish, bilim va dunyoqarashini yanada kengaytirish yo‘lida muvaffaqiyat tiladi.
Safar davomida o‘quvchilarning xavfsizligini to‘liq ta’minlash, ularning belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishi hamda yo‘l harakati xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan mas’ul pedagoglar va mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur sayohat yoshlarning Vatanga muhabbat tuyg‘usini yanada mustahkamlash, tarixiy xotirani asrash hamda yozgi ta’tilni mazmunli va foydali tashkil etishga xizmat qiladi.






