Jinoyatchilikning oldini olish masalalari muhokama qilindi
2026-07-07 19:00:00 / Yangiliklar

Ohangaron shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov tomonidan mahalla yettiligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishning asosiy mavzusi mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka barham berish masalalariga bag‘ishlandi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bugungi kunda Adolat va Yangilik mahallalari qizil, Namuna mahallasi esa sariq toifada qayd etilgani tanqidiy muhokama qilindi. Mazkur hududlarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hamda ushbu mahallalarni jinoyatdan holi hududga aylantirish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, joriy yilning 6 oyi yakunlari bo‘yicha ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlil qilinib, mahallalarda aholi bilan manzilli ishlash, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ta’lim muassasalari, mahalla va mutasaddi tashkilotlar hamkorligini yanada kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar va topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida jinoyatchilikning har bir holatini chuqur tahlil qilish, uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish hamda profilaktik tadbirlarni tizimli tashkil etish zarurligi alohida ta’kidlandi.



