Shahar hokimi boshchiligida yig'ilish bo'lib o'tdi
2026-06-24 21:30:00 / Yangiliklar

Bugun shahar hokimi Sadriddin Shoqosimov raisligida xalqaro ahamiyatga ega A-373 avtomobil yo‘li bo‘yida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda shahar sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilot va korxona rahbarlari qatnashdilar.
Yig‘ilishda Ohangaron shahrining xalqaro trassa bo‘yini tartibga solish va zamonaviy andozalar asosida ko‘rkam ko‘rinishga keltirish yuzasidan taklif va muhokamalar bo'lib o'tdi.
Shahar rahbari yo‘l bo‘yidagi har bir obg'ekt va savdo nuqtasi shaharsozlik madaniyatiga mos bo‘lishi shartligini ta’kidlab, bir nechta topshiriqlar berib o'tdi:
- yo‘l yoqasidagi hududlarni to‘liq obodonlashtirish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish hamda ko‘zga yaqin, chiroyli gulxonalar tashkil etish;
- hududlarni har xil ortiqcha buyumlar, chiqindilar va tartibsiz reklama vositalaridan tozalab, doimiy tartibga solish;
- har bir tadbirkor o‘ziga biriktirilgan va tutash bo‘lgan maydonning sanitar holatiga shaxsan javobgarligi.
"A-373 trassasi nafaqat shahrimiz, balki respublikamiz iqtisodiyoti va turizmi uchun muhim yo‘lakdir. Bu yerga qarab yo‘lovchilar va xorijiy mehmonlar Ohangaron madaniyatiga baho berishadi. Shu bois yo‘l bo‘yi doimo ozoda, tartibli va go‘zal maskanga aylanishi shart", — dedi shahar hokimi.
Yig‘ilish yakunida yo‘l bo‘yidagi tadbirkorlarga hududlarni tartibga solish bo‘yicha zarur tavsiyalar berilib, mas’ul tashkilotlarga ijroni qat’iy nazoratga olish topshirildi.





