OHANGARON SHAHAR HOKIMLIGIDAGI "SITUATSION MARKAZ" TAQDIMOTI
2026-06-20 20:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Maxkamova boshchiligidagi Ohangaron shahridagi tashrifi davomida navbatdagi eng muhim manzil — shahar hokimligida yangi tashkil etilgan zamonaviy "Situatsion markaz" xonasi bo‘ldi.
Ushbu markaz shahar boshqaruvini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan "Aqlli shahar loyihasi" dastur doirasida faoliyat yuritishni boshlamoqda. Markazning ulkan monitorida shahardagi barcha hayotiy muhim sohalar, jumladan:
- kommunal soha va ekologiya nazorati, aqlli energetika tizimi;
- mahalla yettiligi faoliyati va davlat dasturidagi ijtimoiy soha obyektlari monitoringi;
- iqtisodiy ko‘rsatkichlar monitoringi hamda raqamli tibbiyot;
- mahalla ichki yo‘llari, avtotransport vositalari nazorati va "Xavfsiz Ohangaron" tizimi tunu kun onlayn monitoring qilib boriladi.
Bosh vazir o‘rinbosari shahar hayotini raqamli boshqarish, aholi muammolarini tezkor aniqlash va xavfsizlikni ta’minlashda ushbu markazning imkoniyatlarini yuqori baholab, uni alohida e’tirof etdi. Bu tizim nafaqat xavfsizlikni, balki ijtimoiy soha va xotin-qizlar murojaatlari bilan ishlashni ham yangi bosqichga olib chiqishi ta'kidlandi.
Raqamlashtirish loyihalarining mantiqiy davomi sifatida yaqin kunlarda Ohangaron shahrining markaziy va gavjum 3 ta chorrahasiga zamonaviy "Aqlli svetofor"lar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Ushbu aqlli svetoforlar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri mana shu Situatsion markazning yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Natijada shahardagi transport oqimi, tirbandliklar sun'iy intellekt yordamida masofadan turib avtomatik tartibga solinadi va yo‘llarda harakat xavfsizligi yanada yuqori darajaga ko‘tariladi.
Ohangaron nafaqat tadbirkorlik va sanoatda, balki zamonaviy raqamli texnologiyalarni hayotga tatbiq etishda ham respublikada namuna bo‘lishga munosib qadam tashlamoqda!



